Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasining (keyingi o‘rinlarda Hududiy boshqarma deb ataladi) maqomi, asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligini, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibini, shuningdek, uning rahbarining funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Hududiy boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, "O‘zarxiv” agentligining buyruqlari, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
3. Hududiy boshqarma Navoiy viloyatida arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat siyosatini olib boruvchi boshqaruv organi hisoblanadi.
4. Hududiy boshqarma o‘z faoliyatini davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
5. Hududiy boshqarma yuridik shaxs bo‘lib, tashkiliy-huquqiy shakliga ko‘ra davlat muassasasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga, bank hisob varaqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi bank hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
6. Hududiy boshqarmaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi —Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi, qisqartirilgan nomi —Navoiy viloyati AIHB;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Территориальное управление по архивному делу Навоийской области, qisqartirilgan nomi — ТУАД Навоий области;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Territorial Administration for Archival Affairs of the Navoi region, qisqartirilgan nomi — TAAA Navoi region;
7. Hududiy boshqarma joylashgan joy (pochta manzili): 210100, Navoiy shahri, M.Tarobiy ko‘chasi, 107A-uy.
2-bob. Hududiyboshqarmaning tuzilmasi
8. Hududiy boshqarma tizimiga quyidagilar kiradi:
Hududiy boshqarma apparati;
viloyat, shahar va tuman davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari (keyingi o‘rinlarda davlat arxivlari deb ataladi);
9. Hududiy boshqarma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi "O‘zarxiv” agentligiga (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb ataladi) va Navoiy viloyati hokimligiga tegishliligi bo‘yicha bo‘ysunadi va ularga hisob beradi.
Hududiy boshqarma tizimidagi davlat arxivlari Hududiy boshqarmaga va tegishlicha viloyat, tuman (shahar) hokimliklariga bo‘ysunadi va hisob beradi.
3-bob. Hududiy boshqarmaning vazifalari va
funksiyalari
10. Quyidagilar Hududiy boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
arxiv ishi va ish yuritish sohasida Navoiy viloyatida yagona davlat siyosatini yuritish va nazorat qilish;
Milliy arxiv fondi hujjatlarini (keyingi o‘rinlarda MAF deb ataladi) jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta’minlash va ulardan keng foydalanishni tashkil etish;
davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda nodavlat sektorni yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini arxivlar amaliyotiga joriy etish;
zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirishini tashkil etish;
arxiv ishi va ish yuritish sohasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va davlat arxivlari faoliyatiga joriy etish.
11. Hududiy boshqarma o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) hududda arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va nazorat qilish sohasida:
hududdagi davlat arxivlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda hududda arxiv ishini rivojlantirishga doir dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
arxiv hujjatlarini arxivlarda, muzeylarda, kutubxonalarda, ilmiy muassasalar va boshqa joylarda jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga takliflar beradi;
saqlash muddati ko‘rsatilgan namunaviy boshqaruv hujjatlarining ro‘yxati loyihasiga takliflar beradi;
arxiv hujjatlarini MAF tarkibiga kiritadi va uning tarkibidan chiqaradi;
xalqaro tashkilotlarning arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi kongresslarida, s’yezdlarida, konferensiyalarida "O‘zarxiv” agentligi vakili sifatida ishtirok etadi;
arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi xalqaro, hukumatlararo bitimlar va shartnomalar loyihalariga takliflar beradi;
hududda arxiv ishi va ish yuritish holatini tahlil qiladi, qonuniylik va tendensiyalarini o‘rganadi hamda ularni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydi;
arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi qonunchilikka rioya qilish va huquqiy munosabatlar masalalari bo‘yicha hududiy ommaviy axborot vositalari orqali axborot-tushuntirish ishlarini olib boradi;
hududda arxiv ishi va ish yuritish sohasida nazoratni amalga oshiradi hamda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga va ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarning oldini olish bo‘yicha taqdimnomalarni tegishli tashkilotlarga kiritadi;
hududda arxiv ishi va ish yuritish sohasida nazoratni amalga oshiradi hamda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga va ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan shart-sharoitlarning oldini olish bo‘yicha tegishli bayonnomalar tuzadi va sudlarga kiritadi;
MAFga tegishli alohida qimmatli hujjatlarning sug‘urta fondi markazlashtirilgan holda saqlanishini tashkil etadi;
hujjatlar shakllanishi jarayoni va hujjatlar aylanishi hajmi monitoringini olib boradi;
davlat arxivlarida arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlarini tashkil etadi;
hududda arxiv ishi sohasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzadi;
b) Milliy arxiv fondining hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini ta’minlash va ulardan keng foydalanishni tashkil etish sohasida:
hududda MAF hujjatlari davlat ro‘yxatiga olinishini tashkil qiladi va Davlat katalogiga ma’lumotlar kiritadi;
MAF hujjatlarini doimiy saqlaydigan davlat arxivlariga ro‘yxatga olish guvohnomalarini beradi;
hududdagi arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo‘lgan tashkilotlarning ro‘yxatini tasdiqlaydi;
hujjatlarni mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv fondlari tarkibiga kiritish, davlat arxivlarida to‘plash, shuningdek, hujjatlarni davlat arxivlariga berish va aksincha ulardan olish masalalarini hal qiladi;
Navoiy viloyatida MAFning davlatga tegishli boʻlmagan qismi hujjatlarini, shuningdek, fuqarolarda saqlanayotgan qadimiy hujjatlar, kitoblar, qoʻlyozmalar va boshqamateriallarni sotib olish yuzasidan davlatning imtiyozli huquqini amalga oshiradi, bu borada tizimdagi davlat arxivlariga koʻmaklashadi;
Hududiy boshqarma va arxivlar faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy veb-sayti, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib boradi;
axborot makoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan axborot hurujlariga tezkor munosabat bildirish, ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida Hududiy boshqarma va arxivlar faoliyatiga aloqador axborotni tarqatish bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi;
rasmiy veb-saytida axborotni tezkorlik bilan joylashtirish va o‘z vaqtida yangilab borish, Internet tarmog‘idagi veb-resurslarini, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarini rivojlantiradi;
faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yangilab boradi;
"O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmatining so‘roviga binoan axborot va zarur hujjatlarni taqdim etadi;
d) davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash sohasida:
hududdagi davlat arxivlari faoliyatini boshqarishni amalga oshiradi, ularning tuzilmasini takomillashtirish va tarmoqni rivojlantirish ishlarini tashkil etadi va olib boradi;
hududda arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, rejalar, yo‘l xaritalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, sohani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, yig‘ma yillik va istiqbolli rejalarini ishlab chiqadi;
hududdagi idoraviy arxivlar tarmog‘ini rivojlantirish va ishini tashkil etish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etadi;
hududiy davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
arxiv ishi va ish yuritish sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirishda yagona yondashuvni ta’minlaydi;
idoraviy arxivlarning arxiv xizmatlari ishiga, tashkilotlar ish yuritishida hujjatlarning tashkil etilishiga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi hamda nazoratini amalga oshiradi;
arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish ishlari tashkil etilishi, hujjatlar saqlanishi, ko‘rsatilgan arxivlarga berilishi va ulardan foydalanish bo‘yicha belgilangan tartibga rioya etilishi ustidan nazorat qiladi;
davlat arxivlari faoliyatini, ularni jamlash manbalari bilan ishlash holatini va arxivlar, idoraviy arxivlar hamda tashkilotlarda arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanish ishlarini tahlil qiladi hamda baholaydi;
arxiv ishi va ish yuritish sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini, shuningdek, xorijdan kelgan so‘rovlar ijrosini tashkil etadi;
idoraviy saqlov muddati tugagan arxiv hujjatlarining yo‘q qilinishidan avval elektron nusxalari talab qilib olinishi va saqlanishini nazorat qiladi;
e) arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sohasida:
hududda nodavlat arxivlari tarmog‘ini kengaytiradi, bu borada davlatxususiy sheriklik tizimining o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantiradi, ularning faoliyati ustidan metodik rahbarlikni amalga oshiradi;
nodavlat arxivlari egalariga ularning hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanishda ko‘maklashadi;
xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan nodavlat arxivlarni metodik ta’minlaydi;
nodavlat arxivlariga davlat arxivlarining asosiy jamlash manbaiga kirmagan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’iy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan hujjatlarga ilmiy-texnik ishlov berish, hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va tartibga keltirish huquqini berish yuzasidan xodimlarni attestasiyadan o‘tkazadi va Kasbiy kompetentlik to‘g‘risida guvohnoma beradi;
f) arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy-metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini viloyat arxivlari amaliѐtiga joriy etish sohasida:
arxivshunoslik, arxeografiya, hujjatshunoslik bo‘yicha ilmiy-metodik ishlarni tashkil etadi va ularni muvofiqlashtiradi hamda ilmiy-tadqiqot va ilmiy-texnika yutuqlarini viloyat arxivlari amaliyotiga tatbiq etadi;
arxiv ishi va ish yuritish sohasida yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni ularning mahalliy darajadagi faoliyati uchun teng shart-sharoitlar yaratish yo‘li bilan muvofiqlashtirib boradi, foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
arxiv hujjatlaridan foydalanish samaradorligi hamda arxiv axborotiga bo‘lgan davlat va jamiyat ehtiyojlarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
MAF hamda shaxsiy tarkib hujjatlari tarkibi va mazmuniga oid axborotlar qidiruvini ta’minlash uchun ma’lumotlar bazalarini, shuningdek, an’anaviy tarzdagi arxiv ma’lumotlarini (fondlar bo‘yicha yo‘lko‘rsatkichlar, arxiv hujjatlari to‘plamlari) yaratishni tashkil qiladi;
arxiv ishida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish va qo‘llashni amalga oshiradi;
davlat arxivlarida axborot resurslarini, shu jumladan, elektron MAF va boshqa arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va foydalanish ishlarini tashkil etadi;
hujjatlarning, shu jumladan, davlat axborot resurslarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasini hamda ularni doimiy saqlash uchun davlat arxivlariga, jumladan, elektron arxivlarga tanlab olishni tashkil qiladi;
davlat arxivlarida MAFga doir axborot resurslari va elektron hujjatlarning axborot xavfsizligini ta’minlashni tashkil qiladi;
g) zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning malakasini oshirishni tashkil etish sohasida:
arxivlar, idoraviy arxivlar va tashkilotlar xodimlarining arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malakasini oshirishni tashkil etadi;
arxiv ishi va ish yuritish sohasida mutaxassislarni sifatli tayyorlash borasida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga ko‘maklashadi.
h) arxiv ishi va ish yuritish sohasida mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilg‘or ish tajribasini o‘rganish va davlat arxivlari faoliyatiga joriy etish sohasida:
arxiv ishi va ish yuritish sohasida xorixiy davlatlar tajribasini o‘rganish va ulardan foydalanilishini tashkil qiladi;
O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini o‘z vakolati doirasida ta’minlaydi;
milliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid arxiv hujjatlarini aniqlashni, ularning ma’lumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borishni, shuningdek, mazkur hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini, foto va video tasvirlarini olib kelish ishlarida ko‘maklashadi;
faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha turli anjumanlar, konferensiya va ko‘rgazmalar tashkil etadi;
xorijiy davlatlarda saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlarini aniqlash, ularni yoki ularning nusxalarini sotib olishni tashkil etadi;
hududdagi hamda xorijdagi mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid arxiv hujjatlarini ommaviy axborot vositalarida, jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘ida keng yoritishni, ular haqidagi bibliografik ma’lumotlar, kataloglar, kitob-albomlar va boshqa matbaa mahsulotlarini nashr etib borishni tashkil etadi.
12. Hududiy boshqarma qonun hujjatlarida belgilangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Hududiy boshqarmaning huquqlari hamda javobgarligi
13. Hududiy boshqarma o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy boshqarmalaridan, davlat hokimiyati organlaridan, davlat va nodavlat arxivlaridan hamda tashkilotlardan so‘rash va olish;
Hududiy boshqarma vakolatlariga taalluqli sohadagi muhim muammolar yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash va ularni ko‘rib chiqish uchun hududiy komissiyalar, kengashlar va ishchi guruhlar tashkil qilish;
o‘z vakolatlari doirasidagi masalalar yuzasidan mahalliy ijroiya hokimiyati organlariga ko‘rib chiqish uchun takliflar kiritish;
tashkilotlar, kutubxonalar va muzeylardan, shuningdek, MAF hujjatlarini doimiy ravishda saqlab turuvchi fuqarolardan Davlat katalogiga kiritish uchun zarur ma’lumotlarni olish;
jismoniy va yuridik shaxslardan ularda mavjud bo‘lgan tarixiy, ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni ularning roziligi bilan xarid qilish va qabul qilib olish;
tashkilotlar vakillarining idoraviy arxiv ishi va ish yuritishda hujjatlarni tashkil etishga doir masalalarini eshitish;
tashkilotlarga idoraviy arxiv ishlarida va ish yuritishdagi hujjatlarni yuritishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishda majburiy ko‘rsatmalar berish;
mansabdor shaxslarning davlat va idoraviy arxivlarida, shuningdek, tashkilotlarda saqlanayotgan MAF va shaxsiy tarkibga oid hujjatlarning o‘g‘irlanishi, yaroqsiz holga keltirilishi, yashirilishi yoki noqonuniy yo‘q qilinishiga olib kelgan shart-sharoitlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish;
arxiv ishi sohasida aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish;
Hududiy boshqarma vakolati doirasida tashkilotlarni tugatish komissiyasi faoliyatida ishtirok etish;
Hududiy boshqarmaga yuklangan vazifalarni sifatli amalga oshirishda davlat arxivlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari, asosiy vositalaridan foydalanish va xodimlarini jalb etish;
Hududiy boshqarma o‘zining vakolatlari doirasida o‘zlariga berilgan vazifalardan kelib chiqqan boshqa huquqlarga ham ega.
14. Hududiy boshqarma:
davlat arxivlari bilan birgalikda o‘zlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
o‘zining faoliyati bilan bog‘lik bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlariga erishilishini ta’minlash;
Agentlikka kiritilayotgan hujjatlar loyihalari va takliflar, shuningdek, Hududiy boshqarma tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifati, pirovard natijalari va amalga oshirilishi oqibatlari;
davlat arxivlarida aniqlangan muammolarni kompleks va chuqur tahlil qilish hamda umumlashtirish asosida arxiv ishi va ish yuritish sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi muammolarni hal qilish uchun dasturlarni, harakat rejalarini, «yo‘l xaritalari»ni va boshqa dasturiy hujjatlar ijrosini samarali amalga oshirish;
fuqarolarning va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash;
davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlari saqlanishini tashkil etish;
MAF Davlat katalogiga kiritiladigan ma’lumotlarni umumlashtirish va Agentlikka taqdim etish;
arxiv hujjatlaridan davlat, jamiyat va fuqarolar manfaatlari uchun foydalanish;
davlat arxivlari tomonidan Jamg‘armaga mablag‘lar o‘z vaqtida va to‘liq tushishini ta’minlash;
davlat arxivlari faoliyati samarali olib borilishini tashkil etish uchun javob beradi.
5-bob. Hududiy boshqarma boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari
15. Quyidagilar Hududiy boshqarma boshlig‘ining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilish;
hududdagi davlat arxivlari faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Agentlikning, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining normativ hujjatlari bilan Hududiy boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
Hududiy boshqarma, davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyati bilan bog‘liq prognoz ko‘rsatkichilariga erishishni so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Hududiy boshqarma tizimidagi davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
Hududiy
boshqarma hamda davlat arxivlari va ularning filiallari xodimlari
tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari
va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari
va topshiriqlari ijrosi ta’minlanishini, ijro intizomi mustahkamlanishi
bo‘yicha kompleks amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi,
shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali
ijro etilishi, shuningdek, ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi
va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek,
barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi
to‘g‘risida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qarori va Vazirlar
Mahkamasining "Ijro intizomini mustaxkamlash chora-tadbirlari to‘grisida”
1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq topshiriqlarning o‘z
vaqtida va sifatli bajarilishi uchun xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish
chora-tadbirlarini ko‘rish;
Agentlik hay’ati qarorlari, direktorning buyruqlari, farmoyishlari va uning o‘rinbosarlari ko‘rsatmalari hamda topshiriqlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
Hududiy boshqarma faoliyati sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan hamkorlik qilish;
xodimlarning vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida majburiyatlarni taqsimlash, davlat arxivlari va ularning filiallarining boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini belgilash, davlat arxivlari va ularning filiallarini boshqarishda mansabdor shaxslarning javobgarligini belgilash;
Hududiy boshqarma, davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyatini rejalashtirishni tashkil etish, har choraklik ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
Hududiy boshqarmada, davlat arxivlarida va ularning filiallarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Hududiy boshqarma kadrlar zaxirasini shakllantirish;
Agentlik rahbari nomenklaturasiga kiradigan bo‘sh lavozimlarga taklif etilgan kadrlarning, shuningdek, Hududiy boshqarmaga ishga qabul qilinayotgan boshqa kadrlarning professionalligi, o‘z ishini bilishi, amaliy tajribaga, yuksak darajada ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ekanligi kafolatini ta’minlash;
Hududiy boshqarma xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligiga doir masalalarni ko‘rib chiqish, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar ko‘rish;
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan "O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlarining odob-axloq qoidalari hamda "Respublika arxivchilar etika kodeksi” talablariga rioya qilishini ta’minlash;
"Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq Hududiy boshqarmada, davlat arxivlari va ularning filiallarida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotini va qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish;
prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini muntazam tahlil qilish hamda Hududiy boshqarma, davlat arxivlari va ularning filiallari ushbu ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha choratadbirlar ko‘rish bo‘yicha takliflarni Agentlikka kiritish;
Hududiy boshqarma xodimlari, davlat arxivlari va ularning filiallari rahbarlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish, yig‘ilishlarda ularning shaxsiy hisobotlarini eshitish, ularning yakunlari bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
Hududiy boshqarma, davlat arxivlari va ularning filiallari faoliyatiga oid masalalar bo‘yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek, davlat xizmatlari samaradorligi, sifati va ulardan erkin foydalanishni oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish hamda ularni ko‘rib chiqish uchun Agentlik rahbariyatiga kiritish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, muntazam ravishda shaxsan, shu jumladan, sayyor qabullar o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlik qilish, ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-4904-son Farmoniga muvofiq faol ishtirok etish, jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan tushgan murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqish;
Hududiy boshqarma xodimlari, davlat arxivlari va ularning filiallari rahbarlari lavozim maoshiga mukofotlar, ustamalar to‘lash, ularga moddiy yordam berish, ularni mukofotlash, rag‘batlantirish va ularga intizomiy chora qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilish, ularni davlat mukofotlari va idoraviy mukofotlar bilan taqdirlash to‘g‘risida Agentlikka takliflar kiritish;
davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash;
mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida, sudlarda va tashkilotlarda Hududiy boshqarma, davlat arxivlari va ularning filiallari manfaatlarini ifoda etish;
hududdagi davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari direktorlarini tayinlash va lavozimidan ozod etish;
direksiya, ekspert tekshiruv komissiyasi majlislari bayonnomalarini va boshqa maslahat organlarining qarorlarini tasdiqlash, shuningdek, ushbu qarorlarning bajarilishini nazorat qilish.
Xududdagi davlat arxiqlarida va Hududiy boshqarmada davlat tili qonunchiligiga rioya etgan holda arxiv ishi va ishituvini tashkil qilish.
6-bob. Hududiy boshqarma boshlig‘ining javobgarligi
16. Hududiy boshqarma boshlig‘i:
Hududiy boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi;
Hududiy boshqarmaning ushbu Nizomning 14-bandida nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha;
ushbu Nizomning 15-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
7-bob. Hududiy boshqarma faoliyatini tashkil etish
1-§. Hududiy boshqarma rahbariyati
17. Hududiy boshqarmaga Agentlik direktori tomonidan Navoiy viloyati hokimligi bilan kelishgan holda tayinlanadigan boshliq rahbarlik qiladi.
Hududiy boshqarma boshlig‘i lavozimdan Agentlik direktori tomonidan ozod etiladi.
18. Navoiy viloyati davlat arxivi direktori Hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan Agentlik bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi.
19. Tuman, shahar davlat arxivlari va ularning filiallari, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari direktorlari Hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan tegishlicha tuman, shahar hokimliklari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi.
20. Hududiy boshqarma to‘g‘risidagi nizom Navoiy viloyati hokimi bilan kelishgan holda Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
2-§. Hududiy boshqarmaning tizimdagi davlat arxivlar va Agentlik markaziy
apparatining tarkibiy tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi
21. Hududiy boshqarmaning tizimidagi davlat arxivlari bilan hamkorligi Hududiy boshqarma apparati va davlat arxivlari direktorlari tomonidan ta’minlanadi.
22. Hududiy boshqarma o‘z tizimidagi davlat arxivlari o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilib:
topshiriqlarni tizimidagi davlat arxivlariga yetkazadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
davlat arxivlari faoliyati masalalari bo‘yicha so‘rovlar yuboradi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
davlat arxivlari faoliyatini tekshiradi va o‘rganadi, umumlashtiradi, uni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va Agentlik rahbariyatiga kiritadi;
davlat arxivlari faoliyatini tashkil etish va faoliyati natijalari to‘g‘risida hisobot va axborot materiallari, statistika va boshqa ma’lumotlar o‘rganilishi hamda umumlashtirilishini tashkil etadi;
davlat arxivlari ish rejalarini tahlil qiladi, ularning faoliyatini rejalashtirishni takomillashtirishga doir choralar ko‘radi;
davlat arxivlaridan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda davlat arxivlari ishtirokini tashkil etadi, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ulardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqadi;
MAF Davlat katalogini hudud bo‘yicha markazlashtirilgan holda davlat hisobi yuritilishini olib boradi, uning hajmi, tarkibi va fondlardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumotlarni so‘rab oladi;
eng yaxshi davlat va idoraviy arxiv, namunali arxiv xodimlari to‘g‘risida ko‘rik-tanlovlarni tashkil qiladi;
MDH va xorijiy mamlakatlardan tushgan mavzuli hamda ijtimoiyhuquqiy mazmundagi so‘rovlarni ijro uchun davlat arxivlariga yuboradi, jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlari ijrosini muntazam ravishda tahlil qiladi.
23. Hududiy boshqarma va uning tizimidagi davlat arxivlari Agentlik markaziy apparatining tarkibiy tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi, shu jumladan:
Agentlik rahbariyati topshiriqlari ijrosi haqida xabar beradi;
belgilangan faoliyat sohasida qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat natijalari to‘g‘risida Agentlikning markaziy apparatiga axborot taqdim etadi;
ularning faoliyatini tekshirish va o‘rganish natijasida ishda aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarni bartaraf etish natijalari to‘g‘risida xabar beradi;
o‘z faoliyati natijalari to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan muddatlarda Agentlikning markaziy apparatiga taqdim etadi;
Agentlik vakolatiga taalluqli sohalardagi muammolarni hal qilishga qaratilgan takliflarni Agentlikning markaziy apparatiga yuboradi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat organlarining hududiy tuzilmalari, kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro hamkorlik natijalari to‘g‘risida xabar beradi;
vakolatli organlar tomonidan o‘tkazilgan o‘z faoliyatini tekshirish natijalari to‘g‘risida ma’lumot beradi;
MAF hujjatlarini o‘g‘irlash, ziyon yetkazish, yashirish, yo‘qotish va noqonuniy yo‘q qilish kabi holatlar va sharoitlar to‘g‘risida huquq-tartibot organlariga xabar beradi;
joylarda sayyor tarzda Agentlik hay’ati yig‘ilishi, seminar, konferensiya, tanlov, ko‘rik va boshqa tashkiliy tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida takliflar kiritadi.
24. Agentlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari va uning hududiy boshqarmalarining o‘zaro hamkorlik jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar direktorning topshirig‘iga binoan uning tegishli o‘rinbosari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar direktor o‘rinbosari tomonidan kelishmovchiliklarni tartibga solishning imkoniyati bo‘lmasa, so‘nggi qaror bevosita direktor tomonidan qabul qilinadi.
3-§. Hududiy boshqarmaning boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy
organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi
25. Hududiy boshqarma o‘z vakolati doirasida boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
Hududiy boshqarma tegishli hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqishda va amalga oshirishda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar bilan o‘zaro yaqin hamkorlik qiladi.
4-§. Hududiy boshqarmaning direksiya, maslahat, ekspert organlari
26. Hududiy boshqarmada boshqarma boshlig‘i (direksiya raisi), uning o‘rinbosari (viloyat davlat arxivi direktori-lavozimiga ko‘ra), davlat arxivlari direktorlari va jamoatchilik vakillaridan iborat 7 kishilik tarkibda direksiya tuziladi.
Direksiya tarkibining soni va shaxsiy tarkibi Hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
27. Direksiyaga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Hududiy boshqarma faoliyatining ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
qonun
hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari
va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida belgilangan
vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun
Hududiy boshqarma xodimlari va davlat arxivlari direktorlarining shaxsiy
javobgarligini oshirish choralarini ko‘rgan holda ularning
hisobotlari muntazam ravishda eshitilishini tashkil
etish;
tizimli ravishda o‘z faoliyati sohasidagi hududiy va tarmoq dasturlari amalga oshirilishining natijadorligini har chorakda va muntazam ko‘rib chiqish;
Hududiy boshqarma faoliyati doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishni ta’minlagan holda direksiyaning kengaytirilgan, shu jumladan, joylarda sayyor majlislarini o‘tkazishni tashkil etish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Hududiy boshqarma apparati va uning tizimiga kiradigan lavozimlar nomenklaturasini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
Hududiy boshqarma nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun davlat arxivlari rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash va shaxsiy javobgarligini oshirish;
direksiya Hududiy boshqarma vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqishga haqlidir.
28. Direksiya majlisiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari ularning vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan taklif etilishi mumkin.
29. Direksiya, agar uning majlisida direksiya tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashsa vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
30. Direksiya qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va Hududiy boshqarmaning buyrug‘i bilan tadbiq etiladi.
31. Hududiy boshqarma boshlig‘i va direksiya o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘lganda, Hududiy boshqarma boshlig‘i paydo bo‘lgan kelishmovchiliklar to‘g‘risida Agentlikka axborot bergan holda o‘z qarorini tadbiq etadi. Direksiya a’zolari, o‘z navbatida, o‘z fikrini Agentlikka ma’lum qilishlari mumkin.
32. Hududiy boshqarma huzurida O‘zbekiston Respublikasi MAF tarkibini belgilash, davlat, nodavlat va idoraviy arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarning qimmatliligini ekspertizadan o‘tkazish, korxona, muassasa va tashkilotlar hujjatlarini tashkillashtirish va ish yuritish bilan bog‘liq, amaliy masalalarni ko‘rib chiqish uchun Ekspert-tekshiruv komissiyasi (ETK) faoliyat ko‘rsatadi. Uning tarkibi va nizomi Hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
33. Hududiy boshqarma huzurida tuziladigan direksiya va ekspert organlari tarkibi hamda ular to‘g‘risidagi nizomlar Hududiy boshqarma boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi, ularning tarkibi va nizomlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan hollar bundan mustasno.
8-bob. Hududiy boshqarma
faoliyati samaradorligi va natijadorligini
baholash mezonlari va ish indikatorlari
34. Hududiy boshqarma faoliyatining samaradorligi muntazam baholanadi.
35. Hududiy boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligiga berilgan baho Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan faoliyat samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
36. Hududiy boshqarma faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari bo‘yicha:
Hududiy boshqarma boshlig‘i va xodimlarini rag‘batlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Hududiy boshqarma faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
9-bob. Hududiy boshqarmani moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash,
uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish
37. Quyidagilar Hududiy boshqarmaning faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
zarur hollarda davlat arxivlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari;
"O‘zarxiv” agentligi huzuridagi Arxiv ishini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.
38. Hududiy boshqarma xodimlarining lavozim maoshlariga O‘zbekiston Ryespublikasi Prezidentining 2017-yil 9-yanvardagi "Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2722-son qarorida nazarda tutilgan ustama va qo‘shimchalar tadbiq etiladi.
39. Hududiy boshqarmaning xodimlariga har oyda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga sohadagi ish staji uchun xodimning lavozim maoshiga belgilangan razryad tarif stavkasiga (lavozim maoshiga nisbatan rag‘batlantirish koeffisiyentlari hisobga olingan holda) nisbatan quyidagi foizlarda hisoblanadi:
Ish staji bo‘yicha guruh |
Ish staji uchun ustama miqdori |
1 yildan 3 yilgacha |
10 foiz |
3 yildan 5 yilgacha |
20 foiz |
5 yildan 10 yilgacha |
30 foiz |
10 yildan 15 yilgacha |
40 foiz |
15 yildan 20 yilgacha |
50 foiz |
20 yil va undan yuqori |
60 foiz |
10-bob. Hududiy boshqarmaning Agentlik, xalq deputatlari mahalliy
kengashlari va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari oldida hisobdorligi
40. Xalq deputatlari mahalliy kengashlari zarur bo‘lgan hollarda o‘zlarining majlislarida Hududiy boshqarmaning o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitishi mumkin.
41. Hududiy boshqarma Agentlik va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish doirasida:
Agentlikka taqdim etish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi hududiy organlari bilan birgalikda hududdagi arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi muammolarni hal etish, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif, tavsiya va tahliliy ma’lumotlar tayyorlanishini ta’minlaydi;
hududda arxiv ishi va ish yuritish sohasini rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari va vazifalarini amalga oshirishda mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar muntazam ravishda ko‘rib chiqilishini tashkil qiladi;
belgilangan tartibda boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
42. Hududiy boshqarma har chorak yakuni bo‘yicha tegishli hisobot davri uchun hududda arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish natijalari to‘g‘risidagi press-reliz o‘z veb-saytida yoritilib borilishini ta’minlaydi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
43. Hududiy boshqarma qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.