2020-yil 10-noyabr kuni Navoiy viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-avgustdagi 495-son qarori ijrosi yuzasidan Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi va Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi masʼul xodimlari ishtirokida qoʻshma onlayn yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda "Oʻzarxiv” agentligi Axborot texnologiyalari boʻlim boshligʻi A.Oʻ.Turopov, Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi B.B.Safarovlar ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masala boʻyicha "Oʻzarxiv” agentligi Axborot texnologiyalari boʻlim boshligʻi A.Oʻ.Turopov tomonidan "Oʻzarxiv” agentligi elektron davlat xizmatlari portali my.archive.uz dan foydalanish tartibi yuzasidan maʼlumotlar berildi. Shuningdek, "Oʻzarxiv” agentligi elektron davlat xizmatlari portali my.archive.uz ning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz ga integratsiya qilinganligi va kelgusida fuqarolarning sarsongarchiliklarini oldini olish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali arxiv maʼlumotnomalarini olish uchun tegishli tartibda murojaat etishi imkoniyati yaratilganligi aytib oʻtildi.
Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi B.B.Safarov tomonidan tizimni Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-avgustdagi 495-son qarori bilan tasdiqlangan "Ish haqi va ish stajini tasdiqlash haqida arxiv maʼlumotnomasini berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti”ga muvofiqlashtirish yuzasidan takliflar berdi. Jumladan, dastur orqali soʻrovnomani qabul qilish jarayonida Reglamentning 2-bandiga asosan 2005-yildan keyingi davr uchun soʻrovnoma toʻldirishda cheklov joriy qilish, soʻrovnoma toʻldirishda tizimdagi shaxsiy tarkib roʻyxatlari (opislari) maʼlumotlar bazasida mavjud tashkilotlarni tanlab olish kabi imkoniyatlarni yaratish zarurligi bildirildi.
"Oʻzarxiv” agentligi Axborot texnologiyalari boʻlim boshligʻi A.Oʻ.Turopov ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga batafsil javob berib, tizimni faoliyatga sifatli joriy qilish uchun kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni bartaraf etish maqsadida mazkur tizim takomillashtirilib borilishini taʼkidlab oʻtdi.
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.