Bosh sahifa > Ommaviy tadbirlar > Respublikamizda arxivlarning rivojlanishi.

Respublikamizda arxivlarning rivojlanishi.


7-06-2020, 12:01. Muallif: info

Arxivlarning paydo bo’lishi yozuv kashf qilingan davrga borib taqaladi. Arxeologlarning izlanishi dastlabki hujjatxonalar Mesopotamiya, Misr va Kichik Osiyo ibodatxonalarida, saroylarda saqlanganligini ko’rsatadi. Ma’lumotlar turli xil sopol lavhalarga, randalangan taxtachalarga, papirus va oshirilgan charmlarga bitilgan.
O’zbekiston hududida arxivlarning paydo bo’lishi bevosita uning uch ming yillik davlatchilik tarixi bilan bog’liq. Bugungi kungacha saqlanib qolgan arxiv hujjatlarida asosan O’rta Osiyo hukmdorlarining ma’lum imtiyoz va mukofotlar berish to’g’risidagi yozuvlar, soliqlarni yig’ish to’g’risidagi ma’lumotlar, soliqlarni to’lash to’g’risidagi to’lov qog’ozlari, iqtisodiy tusdagi turli xil yozishmalar hamda kamdan-kam hujjatlar nusxalari yoki ma’lumotlar aks etgan. Buxoro amirligi va Xiva xonligida ish yuritish, hujjatlarnisaqlash bilan bevosita bog’liq bo’lgan devonbegi, parvonachi, kitobdor, shotir kabi lavozimlar mavjud bo’lgan.

O’zbekiston arxivlarida saqlanyotgan eng qadimiy hujjat IX asrga tegishli bo’lib u Buxoro shohi Ismoil Somoniyning o’z avlodlariga atab vaqf qilingan yerlar to’g’risidagi hujjatdir. Arxivlarda 1500 dan ortiq vaqf hujjatlari saqlanib, ularning eng uzuni 83 metr, eng qisqasi 20 santimetrni tashkil qiladi. 
O’rta Osiyoda zamonaviy ma’nodagi mutaxassislar ishlaydigan alohida, maxsus muassasa sifatida arxiv XIX asr oxirida shakllangan. 1870 yildan boshlab viloyat kengashlari qoshida maxsus idoraviy arxivlar tashkil etilgan. Mahalliy milliy muassasalar qozi va biy sudlari, mahalliy oqsoqollar faoliyati natijasida to’plangan hujjatlar ish xonalarida saqlanar edi.
1919 yil 5 noyabrda Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo’mitasining "Turkiston ASSRda arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to’g’risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatni qabul qilinishi arxiv hujjatlarini maxsus muassasa tomonidan tartibli jamlash va saqlash uchun zamin yaratdi. Sobiq davlat idoralari arxivlarini idoraviy arxiv sifatida tugatish to’g’risida qaror qabul qilindi va ilmiy, tarixiy, madaniy hamda ma’rifiy ahamiyatga ega bo’lgan hujjatlar davlat mulki deb e’lon qilinib, Turkiston Respublikasining YAgona Davlat arxiv fondiga topshirilishi belgilab berildi.
O’rta Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi va 1925-1926 yillarda O’zbekiston SSR tuzilishi bilan viloyat ijroiya qo’mitalari huzurida hududiy arxiv buyurolari tashkil etildi. 1930 yillarning boshlarida respublikada markaziy arxivlar tarmog’i shakllana boshladi, bu esa ahamiyatga ega bo’lgan hujjatlarni jamlashni ta’minladi. 1931 yil Markaziy Davlat tarix arxivi (MDTA) va Oktyabr inqilobi Markaziy arxivi (OIMA), XX asrning 30-yillari o’rtalarida Markaziy harbiy arxivi, 1942 yil Kasaba uyushmasi harakatining Markaziy arxivi, 1943 yilda kino va fotofono hujjatlari Markaziy davlat arxivi tashkil etildi.
Ikkinchi jahon urushining boshlanishi mamlakat arxiv muassasalari faoliyatini murakkablashtirdi. Arxiv muassasalari xodimlari front orti ishlarida, ish vaqtidan tashqari ishlarni bajarish, mablag’larni Milliy mudofaa jamg’armasiga o’tkazish, kasalxonalar, mehribonlik uylari, ko’chirib kelingan oilalar va bolalar bilan ishlashda faol ishtirok etishdi. SHu bilan birga, respublika arxiv fondini saqlash va to’ldirish bo’yicha ishlar davom etdi.
XX asrning 50-yillari ikkinchi yarmida respublikaning arxiv tizimi qayta tashkil etishning navbatdagi bosqichini boshidan kechirdi.
1958 yil 20 noyabrda O’zSSR Ministrlar Kengashi tomonidan davlat va idoraviy arxivlar ishini boshqarish hamda nazoratini yanada takomillashtirish maqsadida arxiv bo’limini O’zbekiston SSR Ichki ishlar vazirligining Arxiv bo’limiga aylantirish va Oktyabr inqilobi Markaziy davlat arxivi hamda Markaziy davlat arxivini yagona Markaziy davlat arxiviga birlashtirish to’g’risida qaror qabul qilindi.
1959 yil 5 iyunda arxiv ishi, Markaziy davlat arxivi va respublikaning markaziy va viloyat arxivlari tarmog’iga oid maxsus nizom tasdiqlandi. 1962 yilda O’zbekiston tibbiyot ilmi va amaliyotining to’plangan tajribasidan to’liq foydalanish uchun O’zbeksiton SSR Markaziy davlat tibbiyot arxivi tashkil etildi, 1965 yilda ilmiy-texnik va tibbiy hujjatlar markaziy davlat arxivi deb o’zgartirildi.
XX asrning 70-yillari boshlarida respublika arxivlari saqlovxonalarning hujjatlar sig’imdorligi muammosiga duch keldi. Arxivlarning tarkibi va hujjatlarini ko’rib chiqish talab qilindi. 1973 yil 16 fevralda "Respublikada arxiv ishining ahvoli va uni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaror qabul qilindi, unda arxiv ishi va mahalliy hujjatlarni rasmiylashtirish va tashkil etishni takomillashtirishga alohida e’tibor berildi. Xodimlarga doir hujjatlarni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy-huquqiy so’rovlarini mahalliy ijroiya qo’mitalarida bajarish uchun xo’jalik hisobidagi idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlari tarmog’i (XHISHTHA) yaratildi.
1980 yilda respublika arxiv boshqarmasi O’zbekiston Ministrlar Kengashi qoshidagi Bosh arxiv boshqarmasiga aylantirildi.
Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab O’zbekiston arxiv muassasalarining me’yoriy hujjatlariga o’zgartirishlar kiritila boshladi. 1992 yil 19 iyunda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi ("O’zbosharxiv”) to’g’risidagi nizomni va Respublika davlat arxivlari tarmog’ini tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu me’yoriy hujjatga muvofiq arxiv ishini boshqarish bo’yicha davlat organi "O’zbosharxiv” zimmasiga arxiv fondi va respublikaning arxiv tashkilotlarini boshqarish yuklandi.
2004 yil 3 fevralda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 49-son qaroriga asosan "O’zbosharxiv” "O’zarxiv” agentligiga aylantirildi.
"O’zarxiv” agentligi tizimida 3 ta Milliy arrxivlar, 100 ta davlat arxivlari, 109 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari, 11 ta nodavlat arxivlari mavjud bo’lib ularda 16 million saqlov birligidan ortiq hujjatlar saqlanadi.

Navoiy viloyati hududidagi birinchilardan bo’lib Nurota tumanidavlat arxivi 1936 yil 10 sentyabrda Nurotatumani ijroiya komitetining qaroriga asosan Nurota tumani ijroiyakomiteti qoshida tashkil etilgan.1957 yilda Samarqand viloyati davlat arxivi filialiga aylantirilgan.

Navoiy viloyati 1982 yil 20 aprelda tashkil etilgan bo’lib, 19 mayda Navoiy viloyati ijroiya qo’mitasi tarkibidagi tashkilotlar bilan bir qatorda arxiv bo’limi tashkil etildi. SHu yili 15 oktyabrda Navoiy viloyati davlat arxivi va uning filiallar tarmog’i tashkil etilib uning tarkibiga Zarafshon, Qiziltepa, Konimex, Navoiy, Nurota, Tomdi va Xatirchi filiallari kiritildi. Navoiy viloyati xalq deputatlari kengashi Ijroiya ko’mitasining 1983 yil 28 yanvardagi qarori bilan Navoiy viloyati davlat arxivi qoshida hujjatlarga ilmiy-texnikaviy ishlov berish xo’jalik guruhi tashkil etildi.
1989 yil 6 sentyabrda Navoiy viloyati Samarqand viloyati tarkibiga kiritildi va Navoiy viloyati davlat arxivi faoliyati to’xtatilib uning tarmog’idagi arxiv filiallari Samarqand viloyati davlat arxiviga o’tkazilgan. 1989 yil 13 fevralda Samarqand viloyati xalq deputatlari kengashi Ijroiya ko’mitasining Arxiv bo’limining 1989 yil 28 fevraldagi buyrug’iga asosan Navoiy viloyati davlat arxivi tugatildi, Navoiy viloyati davlat arxivi qoshidagi xo’jalik guruhi Samarqand viloyat davlat arxivi qoshidagi ho’jalik guruhi tarkibiga qo’shildi.
1992 yil 27 yanvarda Navoiy viloyati qayta tashkil etilishi bilan o’sha yili 6 aprelda Navoiy viloyati hokimligi arxiv bo’limi ro’yxatdan o’tkazildi. 1993 yil 7 yanvardagi Navoiy viloyati hokimligining qarori bilan Navoiy viloyati davlat arxivi tashkil etildi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yildagi 3 fevraldagi 49-son qaroriga asosan Navoiy viloyati arxiv bo’limi viloyat arxiv ishi boshqarmasiga aylantirildi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi 101-son qarori asosan Navoiy viloyati davlat arxivining shahar va tuman filiallari tegishli tartibda shahar tuman davlat arxivlari shaklida qayta tashkil etildi.
Bugungi kunda Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida viloyat, 7 ta shahar va tumani davlat arxivlari hamda 5 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari mavjud. Davlat arxivlarida jami 279 657 saqlov birligida hujjatlar saqlanayotgan bo’lib, ular 199 435 saqlov birligida boshqaruv, 77 699 saqlov birligida shaxsiy tarkib, 1491 saqlov birligida shaxsiy kelib chiqish va 1032 saqlov birligida surat hujjatlaridan iborat. SHaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlarida 76 250 saqlov birligida shaxsiy tarkib hujjatlari saqlanmoqda.
9 iyunni – "Xalqaro arxivlar kuni” sifatida nishonlash Xalqaro arxivlar kengashining 2007 yil noyabr oyida Kanadaning Kvebek shahrida o’tkazilgan yig’ilishida kelishib olingan. 1948 yil 9 iyunda YUNESKO tomonidan Xalqaro arxivlar kengashiga asos solinganligi bu kun tasodifiy emasligini ko’rsatadi. Birinchi marta Xalqaro arxivlar kuni 2008 yil 9 iyunda Xalqaro arxivlar kengashining tashkil etilganligining 60 yillik yubileyi bilan birgalikda nishonlangan.
Bugungi kunda Xalqaro arxivlar kengashining (International Council on Archives, ICA) 199 ta mamlakatda 1900 ta a’zolari mavjud."O’zarxiv” agentligi 2009 yildan Xalqaro Arxivlar Kengashining to’laqonli a’zosi hisoblanadi. U Xalqaro Arxivlar Kengashining yeVRAZIKA (Evrosiyo) bo’linmasiga a’zo sifatida kiritilgan bo’lib, mazkur bo’linma tarkibiga Armaniston, Belarus, Gruziya, Qirg’iziston, Qozog’iston, Moldova, Mongoliya, Rossiya, Ukraina arxiv xizmatlari ham kirgan.
Arxivlar — buyuk tariximiz ko’zgusi. Ularda xalqimiz bosib o’tgan o’tmish, bugungi dorilamon kunlarimizdan guvohlik beruvchi hujjatlar jamuljam. Demak, ularni kelajak avlodga bekamu ko’st yetkazish soha mutaxassislarining muhim vazifasidir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida arxiv sohasiga to’xtalib o’tganligi so’ngi yillarda sohaga bo’lgan e’tiborning oshayotganligidan dalolat beradi.



 


Ortga qaytish