"QOMUSIMIZ-BAXTIMIZ”
Hozirgi kunda yer yuzida mavjud davlatlarning deyarli barchasi o’zlarining erkin siyosati, tili, davlat ramzlariga ega. Ammo ularning hammasi ham o’z konstitutsiyasiga ega emas. To’g’ri, ularda konstitutsiya o’rnini boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bajarishi mumkin, konstitutsiya deb atalmish qat’iy belgilab qo’yilgan qonun-qoidalar majmuasiga ega emas. O’zining milliy ramzlari qatorida tilga olinadigan konstitutsiyaga bizning mamlakatimiz ham ega ekanligi kishini quvontiradi.
Baxtimiz qomusi hisoblanmish konstitutsiyamizda fuqarolarimizning davlat va jamiyat oldidagi huquq va burchlari milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda dunyo hamjamiyati miqiyosidagi xalqaro huquq me’yorlari asosida belgilab berilgan. Yurtimizning milliy hujjatshunosligini, tariximizning asrab avaylash va foydalanishni tashkil etuvchi soha hisoblanmish arxiv ish sohasiga ham bir qancha tegishli moddalar belgilangan.
Hususan, Qomusimizning 29-moddasida – "Har kim fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o’zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo’lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.”
30-moddasida – "O’zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo’lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.”
49-moddasida – "Fuqarolar O’zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.” - deya qat’iy belgilab qo’yilgan.
Bilamizki, 8 dekabr sanasini har yili ko’tarinki kayfiyatda o’tkazish odat tusiga aylangan. Negaki, bu sanada mustaqil O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilingan. 1992 yildan beri bu kun respublikamiz siyosiy hayotida muhim o’rin tutgan kun sifatida qaralib kelinmoqda. Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo’shib kelayotgan fidoiy insonlarga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining mustaqil "O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi – 25 yilligi” ko’krak nishonlari tarqatilmoqda. Ushbu taqdirlanuvchilar orasidan soha vakillari ham o’rin olganligi sohaga bo’lgan ishonchni belgilash bilan bir qatorda soha vakillariga mas’uliyat yuklaydi.
Navoiy viloyati davlat
arxivi direktori Sh.Xoliqulov
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.