Qirg‘izistondagi “AKIpress” axborot agentligining elektron portali sahifalarida “Markaziy Osiyo hayoti: o‘zbek do‘ppilarining sirlari” sarlavhali maqola e’lon qilindi,deb yozadi “Jahon” axborot agentligi.
Unda mazkur milliy bosh kiyim tarixi va uning kiyilishidagi zamonaviy usullar xususidagi batafsil ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
Xususan, maqolada qayd etilishicha, do‘ppi kiyish urfdan qolmagan. “Uni erkaklar, ayollar, bolalar va keksalar ham kiyib yuradi. Ko‘pincha do‘ppini zamonaviy liboslar bilan birga ham kiyishadi”.
Maqola davomida mazkur milliy bosh kiyimining turli ko‘rinishlari xususida so‘z yuritiladi. “Har bir viloyat, jumladan, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Qashqadaryo va Surxondaryoning o‘ziga xos ko‘rinishdagi do‘ppilari mavjuddir. Bundan tashqari, ular bayramona, diniy va doimiy kiyiladigan turlarga ega. Do‘ppilar yumshoq yoki qattiq matolardan tikiladi, kashta yoki mayda munchoqlar bilan bezatiladi hamda aylana yoki to‘rtburchak shaklda bo‘ladi”, — deb yozadi “AKIpress”.
Maqolada qayd etilishicha, o‘zbek do‘ppilarida qo‘llaniladigan barcha bezaklar, jumladan, rang, chiziq, ramziy manzarali ishoralar hayot va o‘lim, nur va zulmat, yer va osmon, yaxshilik va yomonlik singari umumiy tushunchalar bilan bog‘liq muhim xususiyatga ega bo‘lgan ma’nolarni o‘zida mujassam etadi.
“Darhaqiqat, bugungi kunda o‘zbek do‘ppisiga butun dunyoda ehtiyoj bor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki xorijiy sayyohlar do‘ppini g‘ayrioddiy esdalik sovg‘a va hatto uy bezagi sifatida sotib olishga harakat qiladi. Mazkur bosh kiyimi tarixini o‘rganish va uning turli ko‘rinishlaridan bahramand bo‘lish istagida bo‘lgan O‘zbekiston mehmonlari ular bilan Davlat xalq amaliy san’ati va tarixi muzeyida tanishish imkoniga ega”, — deya maqolaga yakun yasaydi Qirg‘iziston axborot agentligi.
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.