/ / O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi Alisher Navoiyning fransuz tilidagi kitoblari bilan to‘ldirildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi Alisher Navoiyning fransuz tilidagi kitoblari bilan to‘ldirildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondi Alisher Navoiyning fransuz tilidagi kitoblari bilan to‘ldirildi. Kitoblar Alisher Navoiyning 575 yilligini nishonlash arafasida Fransiya Milliy kutubxonasi tomonidan O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga armug‘on etildi. Bu haqda kutubxona matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Orphee La Difference” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Gazels et autres poems” kitobida Alisher Navoiy g‘azallari Hamid Ismoilov va Jan Per Balpe tomonidan fransuz tiliga tarjima qilingan. Kitobda tarjimonlar Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqidagi qisqacha ma’lumot va asarlari bibliografiyasini keltiradi. Shuningdek, kitobda g‘azal, ruboiy, qit’a, chiston, muhammas, fard, mustahzod kabi adabiy janrlarning ta’rifi va ularning fransuz tillaridagi namunalari berilgan.
Alisher Navoiyning fransuz tilidagi yana bir kitobi “Gazels” deb nomlangan bo‘lib, “Editions Georama” nashriyotida chop etilgan. Tarjimonlar Murodxon Ergashev va Jan-Jak Gate. Mazkur kitobda Alisher Navoiy biografiyasi, ijodi va lirikasi haqida hikoya qilinadi hamda g‘azallarining fransuz tilidagi tarjimasi miniatyuralar bilan berilgan. Miniatyuralar musavvir Jahongir Ashurov tomonidan ishlangan.
Fransiyadagi Markaziy Osiyo bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti direktori Remi Dor tomonidan tarjima qilingan “L’Enigme du Nom Propre. Muammo” kitobi “Langues & Mondes” nashriyotida chop etilgan. Unda tarjimon muammo janrini ta’riflaydi. Bu jangrda shoir o‘z qahramonlarini ismini aytmay turib xarakterlarini tasvirlaydi. Mazkur kitobda Remi Dor Alisher Navoiyning 3ta asaridan 99ta muammo yig‘gan. Kitobdagi muammolar 3 tilda: fransuz, o‘zbek va fors tillarida berilgan. Kitobning kirish qismida arab so‘zlarinin o‘qish qoidalari keltirilgan. Bundan tashqari tarjimon ismlarning fransuz tilida anglatgan ma’nosini, transkripsiyasini beradi, ularni sharhlaydi va bu ismlar olingan asarlarning qisqacha mazmunini hikoya qiladi.    
Mazkur kitoblar fransuz tilida so‘zlovchi auditoriya, tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari, filologlar, shuningdek keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.

Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Veb-sayt ma'lumotlaridan foydalanilganda, NAVOIARXIV.UZ manbaa sifatida ko'rsatilishi shart!