O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING
25 YILLIGI OLDIDAN
KO’HNA TARIX SAODATI
( arxiv hujjatlarida aks etgan tarix: kecha va bugun)
Tarixi ming asrlar ichra pinhon o’zbekning kechasiga nazar soladigan bo’lsak, bu o’tmishda qanchadan-qancha ajdodlarimizning buyuk ruhi kezib yurganligining, quvonchu tashvishlarimiz, orzuyu armonlarimiz, ming bir qiynog’u iztiroblarimiz unga qorishib ketganligining guvohi bo’lamiz. “Buyuk Ipak yo’li”ning yuragi sanalgan ona O’zbekistonimiz kimlarni lol qoldirmagan, javohirlar ma’vosi bo’lgan bu tabarruk tuproqning bitmas-tuganmas xazinalari, me’morchilik obidalari, ajoyib madaniyati, ma’naviyati kimlarni qiziqtirmagan deysiz!
Haqiqiy va ulug’ merosimiz haqida gapiradigan bo’lsak, buyuk ajdodlarimiz ruhi qalbimizda bahri ummon bo’lib to’lqin uradi. Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Mirzo Ulug’bek, Ibn Sino, Imom-Buxoriy, Al-Termiziy, Farg’oniy, Xorazmiy, Naqshband kabi bobokalonlarimizning shodiyonalari bu aziz Vatanni dunyoga tanitgan insonlarning naqadar kuchli va ulug’ligini jahonga yana bir karra namoyish etadi. Mana shunday ajdodlarimizning shodiyonalarini o’tkazishda bosh-qosh bo’lgan aziz Yurtboshimiz omon bo’lsinlar, o’zbekning osmoni hamisha sof, tuprog’i tinch, niyatlarimiz nek bo’lsin!
Mangulikka daxldor ajdodlarimiz haqida qancha jo’sh urib gapirsak, qancha faxru-g’ururga to’lsak shuncha oz...
Aziz yurtdoshlar! Biz muqaddimamizni nima uchun ajdodlarimizdan boshladik. Axir tarixsiz kelajakning o’zi yo’q. Avvalambor, xalqimizni, tarixi buyuk Vatanimizni buyuk ajdodlari – bobolarimizning ruhi poki qo’llasin. Mustaqilligimiz mangu bo’lsin, amalga oshirayotgan bunyodkorliklarimizga, islohotlarimizga ko’z tegmasin, bizni, Yurtimizni yaratgan Egamning o’z qo’llasin!
Endi 25 yil – chorak asrlik tarix haqida gapiraylik. Axir bu yangi tarix. Biz O’zbekiston Mustaqilligining 25 yilligini nishonlash arafasida turibmiz.
O’tgan yillar mobaynida O’zbekistonimiz mustaqillik sharofati tufayli iqtisodiy salohiyati yuksak yurtga aylandi, xalqimiz turmush farovonligi oshdi. Yurtimiz yurtlar osha xorijiy hamkorlar bilan birlashdi. Hamkorlik tufayli ulkan korxonalar vujudga keldi. Asaka va Samarqandda avtomobilsozlik qo’shma korxonalari yaratildi. Yurtboshimizning “vaqt keladi, kerak bo’lsa har bir xonadonda uning sohiblari yengil mashina egalari bo’lishadi”, degan gaplari bugun o’z isbotini topdi.
Vatanimizda gaz-kimyo komplekslari, minglab kichik qo’shma korxonalarning bunyodga kelishi O’zbekistonimizning eksport salohiyatini oshirdi, davlatimizning obro’yini yuksaltirdi, yangi temir yo’llar, avtomobil yo’llar qurilishi jadallik bilan olib borildi. Yangi-yangi ishlab chiqarish ob’ektlari barpo etildi.
Mustaqillik erkin va obod turmushimizga fayz kiritdi, har bir fuqaroning iqtidorini namoyish etishini, oilasi, yurtimiz farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo’shish uchun shart-sharitlar muhayyo etildi. Fermerlarga, tadbirkorlarga, yoshlarga cheksiz g’amxo’rlik ko’rsatildi. Ta’lim, sog’liqni saqlash sohalari tubdan isloh qilindi, zamonaviy o’quv dargohlari, salomatlik markazlari qurildi va ular ixtiyoriga berildi. Yurtimizda to’kin-sokinchilik ta’minlandi, g’alla mustaqilligiga erishildi. Muhtaram Prezidentimizning “Ozod va obod Vatan, erkin va farovon xayot pirovad maqsadimiz”, degan teran mazmunli so’zlari o’z tasdig’ini topdi.
“Kecha kim edigu, bugun kim bo’ldik ?!” Bu savol bugun bizning qalbimizdan chuqur joy olishi kerak. “Buyuk Ipak yo’li”dagi mo’jiza – O’zbekiston deb atalmish muqaddas yurtimizning har bir fuqarosi Mustaqilligimizning chorak asrlik to’yi tobora yaqinlashayotgan bir paytda qalbi faxru-g’ururga to’ladi, Mustaqilligimiz tufayli Yurtimiz ozod va obod diyorga aylandi, millatimiz o’z baxtini dunyoga ko’z-ko’z qildi, uni jahon tan oldi.
Istiqlol shukuhi Amir Nizomiddin Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan viloyatda ham o’z samarasini topdi. O’zbekiston Kengashi Rayosatining 1992 yil 27 yanvar Qaroriga ko’ra istiqlol sharofatiga ko’ra viloyat qayta tiklandi. Navqiron viloyatimizning shahdam va ildam qadamlari hammani xursand qila boshladi. Istiqlol mo’’jizalari tufayli jahon andozalariga mos keladigan yangi-yangi korxonalar, texnologiyalar iqtisodiy ijtimoiy tizimga qo’shildi.
Viloyatimiz o’zining kimyo sanoati, elektro-energiya tarmog’i, oltin, uran saralash, sement ishlab chiqarish, paxtachilik, g’allachilik va xalq xo’jaliginig boshqa tarmoqlariga ega zamin hisoblanadi.
Viloyatning qator shahar va tumanlari singari chorvadorlar diyori – Nurota ham o’zining ajoyib nufuziga ega. Novvotqirra tog’lar ora joy olgan bu nurli, ko’rkam yurtning bag’ri osmon kabi keng, eli mehmon do’st, o’ktam. Tanga malham sof havosi, turnako’z, tiniq buloqlari bilan ajralib turadi bu ko’hna makon.
Rivoyat qiladilarkim, qadim-qadimlardan yomon ko’zlardan asrasin, deya bir makon yaralibdi. U chor atrofi tog’lar bilan tog’lar bilan o’ralgan go’zal bir ma’vo. Olloh shunday bir ma’voga o’z munavvar nurini to’kibdi. Bu – qadim va azim, nurli Nurota.
Ufqlar bag’ridan sahar chog’i oftobning nur sochishi ajib bir manzara. Bir-biriga yelkadosh, baland tog’lar orasidan quyosh mo’ralaganda buyuk o’zbek adibi va shoiri Muso Toshmuhammad o’g’li Oybekning mana shunday go’zal satrlari yodga tushadi.
“Oftob, nuring sochayver mo’l ko’l,
Quyosh, ketma bizning boshlardan.
Yurtimizda qolmasin dasht- cho’l,
Chaman unsin hatto toshlarda!
Hazrati cho’pon hatto toshlarda ham chaman undirayotgan bu muqaddas makonda ne siru sinoatlar bor. Uning tarixi ham Sharqning qadim va azim shaharlari bilan bahs bog’lamoqqa qodir. Ovrupadan Movarounnahrgacha lashkar tortib kelgan tarixiy Iskandar ham Nurota zaminiga, uning zahmatkash xalqiga o’z hurmat va ehtiromini yashira olmagan.
Bugun Iskandarlar qadami yetgan bu yurtda bunyodkorlik ishlari bir olam. Abdurayim ota Turdiyevdek birinchi o’zbek haykaltaroshi yetishib chiqqan, haqiqiy san’ati, ajoyib marmar jozibalari bilan amir Olimxondek hoqonni lol qoldirgan bu yurtda istiqlol shukuhi tufayli xayrli va ezgu ishlar amalga oshirilyapti. Xalq og’zaki ijodining yirik namoyandalaridan biri, xalq oqini Ergash Jumanbulbul o’g’li sevib kuylagan “Vatanim Nurota – tog’lar orasi”da baxt kulmoqda, iqbol kulmoqda.
O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 25 yilligi arafasida shu yilning may oyi boshlarida tashkil etilgan “Nurli navolar” Respublika festivalining Nurota o’tishi nafaqat ijodkorlarning, hammaning qalbini quvonchlarga to’ldirib yubordi. Festivalda Qoraqalpog’iston respublikasi va viloyatlardan kelgan o’n mingga yaqin tomoshabin, yigirmata chet eldan tashrif buyurgan mehmonlarga Nurota o’zining keng bag’rini ochdi, izzat-ehtirom ko’rsatdi.
Qo’llarida qimiz to’la qirmiz rangli piyola –
Ijodkorin “begim” deya suyar kelin uyala.
Toy ustida suvoriy-chi, sahar aytib “suvora”,
Tog’ husniga sayqal bergan fayzli jonon Nurotam.
Arxiv – tarix. Arxiv hujjatlarini varaqlarkansiz, u bergan saodat ham sizni o’ylatadi, kuylatadi, qalbingizga to’lqin soladi. Bundoq olib qaraydigan bo’lsangiz, Nurota tarixi ham O’rta Osiyodagi yirik shaharlar tarixi bilan bahs bog’lamoqqa qodir, muqaddas tuproq. Nurota va G’ozg’onning asl marmari mamlakatlar osha dovrug’i doston. Chorvasining sur terisidan tayyorlangan bosh kiyimlar va ajib mantolarga yevropa xonimlari ixlosmand va chin xaridordirlar. Go’zal qiz-juvonlarning nozik barmoqlari sehridan yaralgan kashtalar xorijiy bozorlarni bezab turibdi.
Bugun tilimi tilni yoradigan dehqonchilik mahsulotlari, tabiiy meva-chevalari chetga chiqarilayotgan bir paytda o’zbek dehqoni va bog’boni mehnatiga xaridorlar tasannolar aytishyapti. Xullas, Nurotada xalq xo’jaligining hamma sohasida o’zgarishlar bo’lyapti. Ayniqsa, xalq ta’limi tizimini aytmaysizmi?!
- Yoshim saksondan oshib, to’qsonga to’qnashyapman – deydi biz bilan suhbatda “Shahriston” mahallasida istiqomat qiladigan muallima, hoji ona Latifa opa Nurullayeva. Uzoq yillar xalq ta’limi sohasida mehnat qildim. Oddiy o’qituvchilikdan tortib, rahbarlik lavozimlarigacha ishladim. Biz o’qigan kezlarda Nurotada faqat bittagina Pushkin nomidagi maktab mavjud edi. O’qituvchilar yetishmasdi. O’quvchilarni, ayniqsa, qiz bolalarni maktabga jalb etish juda ham mushkul edi.
Bugun xalq ta’limi haqida gapiradigan bo’lsak, mustaqillik mo’jizalari tufayli hayratdan yoqa ushlaysiz. Ayni paytda Nurotada 58 ta umumiy o’rta ta’lim maktabi, 6 ta kasb-hunar kolleji, Navoiy ixtisoslashtirilgan san’at maktab internati, 5-son bolalar musiqa va san’at maktablarida malakali o’qituvchi va mutaxassis pedagoglar fan va kasb sirlarini yoshlarga o’rgatib borishyapti.
Istiqlol sharofati tufayli ko’plab iqtidorli o’quvchilarimiz Respublika va xorijdagi fan olimpiadalarida shuningdek, xalqaro sport musobaqalarida nufuzli sovrinlarga ega bo’lishyapti. Nurotadan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori yetishib chiqdi. Chaman Jonuzoqovaning bunday unvonga sazovor bo’lishi fikrimizning yorqin dalili.
SHu yilning 12-22-mart kunlari Tailandning Bangkok shahrida bo’lib o’tgan “1- Xalqaro san’at o’yinlari va festivali”da nurotalik opa-singillar Shahzoda va Shoxsanam Erkinovalar ham jahon chempionatining “Muay-tay” sport turi bo’yicha g’olib hamda sovrindorlari bo’lishdi...
O’zim rahbarlik qilgan bilim maskanining aziz tarixi – arxivi bergan hujjatlar asosida bugun nafaqadaman, mustaqillik tufayli dunyo kezdim, islom dini farzlarini ado etdim.
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan qishloq xo’jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Nurota shirkat xo’jaligida qariyib yigirma yil rahbarlik qilgan inson Zayniddin Omonovning so’zlariga e’tibor bering:
- Men ishlagan, yashagan davrning o’zi bir arxiv, o’zi bir tarix. So’zlarimga ishonmasangiz shirkat xo’jaligi arxivini bir varaqlab ko’ring.
Mustaqillik tufayli shirkat xo’jaligi chorvadorlarining hayot tarzi tubdan o’zgardi. Yaylovlarda cho’pon-cho’liqlarning yashash tarzi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Tuman markazidan olisda bo’lgan bu makonda dilni quvontiradigan yutuqlar qo’lga kiritildi. CHo’l bag’ridagi qarorgohlarda dunyoda bo’layotgan barcha yangiliklardan cho’pon ahli voqif. Ostimizda yangi-yangi markadagi yengil mashinalar. Boshimiz to’y-tomoshadan chiqmayapti. Hammasi istiqlol bergan baxt, mehnatimiz ortidan erishgan muvaffaqiyatlar tufaylidir. Shunday kezlarda shirin kalomlar aytging, go’zal misralar bitging keladi...
Cho’lingdagi har giyohni ko’zga surtib aytaman,
Ne-ne zotlarni to’ydirib kekkaymading ataman.
Bugun polvon yelkasida tog’ ko’targan otamsan,
Dardga darmon cho’pon elim, mo’’tabar Nurotamsan.
Etmishinchi yillarning oxiri. O’sha paytda nurotaliklarning yetakchisi (O’zbekiston KP Nurota rayon komitetining birinchi sekretari), madaniyatli, ma’naviyatli, har bir sohaga katta e’tibor bilan qaraydigan ijodkor inson Azim aka Abdurahmonov (marhum) kunlarning birida biz ijodkorlarni chaqirib, shunday dedilar:
- Bugungi amalga oshayotgan ishlarimiz tarixda qolishi haqida nima uchun jimsizlar, nega yozmaysizlar? Nurota haqida nega kitob yo’q? Uning tarixi borasida faktlar, raqamlar, materiallar nega kam?
Biz ijodkorlar boshimizni yerga egib, yetakchiga hech narsa deya olmadik. Ammo shu ajoyib insonning tashkilochiligi bilan baholi qudrat Nurota haqida maqolalar bitganmiz, suratlar va plakatlar tayyorlaganmiz va uni Nurota arxiviga taqdim etganmiz.
Yillar, yo’llar, odamlar bir-biriga chambarchas bog’liq. Bugungi kunda Nurota arxivi va tarixidan so’zlovchi hujjatlar, faktlar va raqamlardan arxiv boy bir arxivga aylandi. Ayniqsa, istiqlol davrida Nurota davlat arxivida hujjatlarni saqlash va undan foydalanish takomillashtirildi.
Ko’p uzoqqa bormaylik. O’tgan uch yil davomida arxivdagi 68 ta fonddagi 21 290 ta saqlov birligida hujjatlarni qayta fondlashtirishga erishildi va bu bilan arxiv hujjatlaridan tezkor tartibda foydalanish imkoni yaratildi.
Faoliyatini 1930 yildan boshlagan Nurota davlat arxivida o’shanda 117 ta saqlov birligidagi hujjatlar mavjud edi. 1991 yilgacha davlat arxivining jamlash manbai 43 ta bo’lsa, hozirgi kunda bu raqam 72 tani tashkil etmoqda.
E’tiborli tomoni shundan iboratki, mustaqillik yillarida nodavlat va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o’z hujjatlarini arxivlarga ishonib topshirishmoqda. Bu esa, arxiv faoliyatini rivojlantirishda katta rol o’ynayapti, hozirgi kunda 108 ta tadbirkorlik sub’ektlarining hujjatlari arxivda mavjuddir.
Respublika hukumatining arxiv sohasida qabul qilgan Qaror va Farmonlari asosida davlat arxivlari axborot texnologiyalari bilan boyitib borilyapti. Arxiv ayni davrda o’zining alohida internet saytiga, ichki elektron axborot almashinuv tizimiga ega.
Imkoniyatlar mavjudligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslar arxiv xizmatidan beminnat foydalanyapti.
Nurota davlat arxivi sobiq Ijroiya qo’mitasi qoshidagi uch kishilik xodim bilan ish boshlagan bo’lsa, hozirgi kunda davlat arxivlariga zamon talablari asosida e’tibor berilmoqda. Bugungi kunda arxivda 12 kishi faoliyat ko’rsatyapti. Muhimi shundaki, xodimlarning 80 foizini kollej bitiruvchilari, mutaxassislar tashkil etyapti, bu xodimlar o’z sohalari bo’yicha yildan-yilga malakalarini oshirib bormoqda.
- Mustaqillik tufayli, - deydi biz bilan muloqotda Nurota tuman arxivining rahbari, tirishqoq yetakchi Baxtiyor Tojiyev mamnuniyat bilan – Davlat arxivining moddiy-texnik bazasi kengaydi. Ya’ni 2008 yil arxiv binosi qayta rekonstruksiya qilindi. Keyingi 3 yilda 18 million so’mlik kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
- Quvonarli tomoni shundaki, 2017 yilda orzuyimiz amalga oshadigan bo’ldi. Yangi yilda qurilishda investitsiya dasturiga binoan zamonaviy loyiha asosida 3 qavatli bino qurilishi mo’ljallanyapti. Yangi binoning tahminiy bahosi esa 1,7 milliard so’mni tashkil etadi.
Yutuqlarning barchasi istiqlol va u yaratgan mo’’jizalar mahsulidir.
Yigirma besh yil – chorak asr. Yigirma besh yil orasida yurtimizda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan oqilona siyosat tufaylidir bu ezgu ishlar. “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” yangi reytingida O’zbekiston 158 ta mamlakat orasida 44-pog’onada, “Hamdo’stlik” mamlakatlari orasida 1-o’rinda qayd etildi. YUrtimizning, xalqimizning baxti hamisha boqiy bo’lsin. Hammamizga tobora yaqinlashib kelayotgan O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining yigirma besh yilligi muborak bo’lsin. Muqaddas yurtimiz bag’ri nurga to’lsin.
O’zbekiston xalq shoiri, O’zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov ta’kidlaganidek,
Yurtim, senga she’r bitdim bugun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o’z yurtin butun
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko’p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o’lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori.
Faqat ojiz qalamim manim,
O’zbekiston – Vatanim manim!
Sharbat Muxtorova,
O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zosi,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.