/ / / 2015 yil - "Keksalarni e`zozlash yili"

2015 yil - "Keksalarni e`zozlash yili"


2015 yil - "Keksalarni e`zozlash yili"«Keksalarni e’zozlash yili» davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, yoshi ulug‘ insonlar, ayniqsa, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta’minoti va tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, oila va jamiyatda, yoshlarni o‘zbek xalqining ko‘p asrlik qadriyat va an’analari ruhida tarbiyalashda keksalarning o‘rnini mustahkamlash maqsadida, shuningdek, 2015 yilning «Keksalarni e’zozlash yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan: 

  1. «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturini amalga oshirishning ustuvor vazifa va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

keksalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va e’tiborni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, pensiya ta’minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulug‘ insonlarga davlat xizmatlari, shu jumladan, turli ma’lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari ko‘rsatishning eng qulay tizimini shakllantirish; 

keksalar, avvalambor, fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba va Vatanimizni qayta tiklashga munosib hissa qo‘shgan 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshi ulug‘ insonlar, birinchi navbatda, yolg‘iz qariyalar va nogironlarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar ro‘yxatini kengaytirish, ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan ta’minlash uchun mahallalar, «Nuroniy» jamg‘armasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash miqyosini oshirish; 

faxriylar va yoshi ulug‘ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sog‘lomlashtirishni tashkil etish, profilaktika tadbirlarini ko‘paytirish, ko‘rish va eshitish organlari, tayanch-harakat tizimi va yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan foydalanishni kengaytirish, keksalar va nogironlarni yordamchi hamda texnik reabilitatsiya vositalari bilan, jumladan, imtiyozli asosda ta’minlash, keksalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan sanatoriya-sog‘lomlashtirish va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash; 

mamlakatimizning mudofaa qobiliyati, iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatimizda tinchlik, totuvlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga bebaho hissa qo‘shgan, sog‘lom va barkamol unib o‘sayotgan avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan keksa avlod vakillariga munosib e’tibor qaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni tizimli asosda amalga oshirish, oila va jamiyatda yoshi ulug‘ insonlarning o‘rni va obro‘sini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, e’zozlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tuyg‘usi ruhida tarbiyalash bo‘yicha aniq tadbirlarni amalga oshirish; 

har bir keksaga har tomonlama e’tibor qaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish va oshirish, keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, bunda ular uchun tuman va mahallalarda muloqot markazlari, qiziqishi bo‘yicha klublar tashkil etishga alohida e’tibor qaratish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish, televideniye, ommaviy axborot vositalari, kinoteatrlar, teatr va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarda yoshi ulug‘ insonlarning qiziqishlariga mos mavzuda yangi maxsus ko‘rsatuvlar, spektakl va filmlar yaratish va efirga uzatish hajmini ko‘paytirish; 

mahallalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tashkiliy tuzilmasida keksalar va nogironlarga doimiy e’tibor qaratadigan sektorni mustahkamlash, bunda ularga xizmat ko‘rsatadigan idora va xizmatlar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy va tibbiy ta’minot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni nazarda tutish. 

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 12 dekabrdagi 4393-farmoyishiga muvofiq tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 
  2. Respublika komissiyasiga (Sh.Mirziyoyev) «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklansin. 

Respublika komissiyasi: bir hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha tegishli komissiyalar tashkil etilishini ta’minlasin va ularning zimmasiga Davlat dasturida belgilangan vazifalarni so‘zsiz, to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklasin; 

ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik va idora, hudud, shahar, tuman va aholi punktlarining «Keksalarni e’zozlash yili» bo‘yicha hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini ta’minlasin; 

respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari darajasida tasdiqlangan Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirsin va ushbu tadbirlar amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin; 

har chorak yakunlari bo‘yicha «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturida belgilangan tadbirlar bajarilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot berib borsin. 

  1. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi: 

bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet-resurslarni jalb etgan holda, aholi o‘rtasida «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturining maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar va chora-tadbirlar muntazam va keng ko‘lamda yoritilishini; 

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va qo‘shgan aniq hissasini aks ettirgan holda, Davlat dasturining bajarilishi haqida keng jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishni ta’minlasin. 

  1. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov 

Toshkent shahri, 2015 yil 18 fevral

 

Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Veb-sayt ma'lumotlaridan foydalanilganda, NAVOIARXIV.UZ manbaa sifatida ko'rsatilishi shart!