Arxivlarning
paydo bo’lishi yozuv kashf qilingan davrga borib taqaladi. Arxeologlarning izlanishi
dastlabki hujjatxonalar Mesopotamiya, Misr va Kichik Osiyo ibodatxonalarida, saroylarda
saqlanganligini ko’rsatadi. Ma’lumotlar turli xil sopol lavhalarga, randalangan
taxtachalarga, papirus va oshirilgan charmlarga bitilgan.
O’zbekiston
hududida arxivlarning paydo bo’lishi bevosita uning uch ming yillik davlatchilik
tarixi bilan bog’liq. Bugungi kungacha saqlanib qolgan arxiv hujjatlarida asosan
O’rta Osiyo hukmdorlarining ma’lum imtiyoz va mukofotlar berish to’g’risidagi yozuvlar,
soliqlarni yig’ish to’g’risidagi ma’lumotlar, soliqlarni to’lash to’g’risidagi to’lov
qog’ozlari, iqtisodiy tusdagi turli xil yozishmalar hamda kamdan-kam hujjatlar nusxalari
yoki ma’lumotlar aks etgan. Buxoro amirligi va Xiva xonligida ish yuritish, hujjatlarnisaqlash bilan bevosita bog’liq bo’lgan devonbegi,
parvonachi, kitobdor, shotir kabi lavozimlar mavjud bo’lgan.
O’zbekiston
arxivlarida saqlanyotgan eng qadimiy hujjat IX asrga tegishli bo’lib u Buxoro shohi
Ismoil Somoniyning o’z avlodlariga atab vaqf qilingan yerlar to’g’risidagi hujjatdir.
Arxivlarda 1500 dan ortiq vaqf hujjatlari saqlanib, ularning eng uzuni 83 metr,
eng qisqasi 20 santimetrni tashkil qiladi.
O’rta
Osiyoda zamonaviy ma’nodagi mutaxassislar ishlaydigan alohida, maxsus muassasa sifatida
arxiv XIX asr oxirida shakllangan. 1870 yildan boshlab viloyat kengashlari qoshida
maxsus idoraviy arxivlar tashkil etilgan. Mahalliy milliy muassasalar qozi va biy
sudlari, mahalliy oqsoqollar faoliyati natijasida to’plangan hujjatlar ish xonalarida
saqlanar edi.
1919
yil 5 noyabrda Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo’mitasining "Turkiston
ASSRda arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to’g’risida”gi qarori
qabul qilindi. Ushbu huquqiy hujjatni qabul qilinishi arxiv hujjatlarini maxsus
muassasa tomonidan tartibli jamlash va saqlash uchun zamin yaratdi. Sobiq davlat
idoralari arxivlarini idoraviy arxiv sifatida tugatish to’g’risida qaror qabul qilindi
va ilmiy, tarixiy, madaniy hamda ma’rifiy ahamiyatga ega bo’lgan hujjatlar davlat
mulki deb e’lon qilinib, Turkiston Respublikasining YAgona Davlat arxiv fondiga
topshirilishi belgilab berildi.
O’rta
Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi va 1925-1926 yillarda O’zbekiston
SSR tuzilishi bilan viloyat ijroiya qo’mitalari huzurida hududiy arxiv buyurolari
tashkil etildi. 1930 yillarning boshlarida respublikada markaziy arxivlar tarmog’i
shakllana boshladi, bu esa ahamiyatga ega bo’lgan hujjatlarni jamlashni ta’minladi.
1931 yil Markaziy Davlat tarix arxivi (MDTA) va Oktyabr inqilobi Markaziy arxivi
(OIMA), XX asrning 30-yillari o’rtalarida Markaziy harbiy arxivi, 1942 yil Kasaba
uyushmasi harakatining Markaziy arxivi, 1943
yilda kino va fotofono hujjatlari Markaziy davlat arxivi tashkil etildi.
Ikkinchi
jahon urushining boshlanishi mamlakat arxiv muassasalari faoliyatini murakkablashtirdi.
Arxiv muassasalari xodimlari front orti ishlarida, ish vaqtidan tashqari ishlarni
bajarish, mablag’larni Milliy mudofaa jamg’armasiga o’tkazish, kasalxonalar, mehribonlik
uylari, ko’chirib kelingan oilalar va bolalar bilan ishlashda faol ishtirok etishdi.
SHu bilan birga, respublika arxiv fondini saqlash va to’ldirish bo’yicha ishlar
davom etdi.
XX
asrning 50-yillari ikkinchi yarmida respublikaning arxiv tizimi qayta tashkil etishning
navbatdagi bosqichini boshidan kechirdi.
1958
yil 20 noyabrda O’zSSR Ministrlar Kengashi tomonidan davlat va idoraviy arxivlar
ishini boshqarish hamda nazoratini yanada takomillashtirish maqsadida arxiv bo’limini
O’zbekiston SSR Ichki ishlar vazirligining Arxiv bo’limiga aylantirish va Oktyabr
inqilobi Markaziy davlat arxivi hamda Markaziy davlat arxivini yagona Markaziy davlat
arxiviga birlashtirish to’g’risida qaror qabul qilindi.
1959
yil 5 iyunda arxiv ishi, Markaziy davlat arxivi va respublikaning markaziy va viloyat
arxivlari tarmog’iga oid maxsus nizom tasdiqlandi. 1962 yilda O’zbekiston tibbiyot
ilmi va amaliyotining to’plangan tajribasidan to’liq foydalanish uchun O’zbeksiton
SSR Markaziy davlat tibbiyot arxivi tashkil etildi, 1965 yilda ilmiy-texnik va tibbiy
hujjatlar markaziy davlat arxivi deb o’zgartirildi.
XX
asrning 70-yillari boshlarida respublika arxivlari saqlovxonalarning hujjatlar sig’imdorligi
muammosiga duch keldi. Arxivlarning tarkibi va hujjatlarini ko’rib chiqish talab
qilindi. 1973 yil 16 fevralda "Respublikada arxiv ishining ahvoli va uni yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaror qabul qilindi, unda arxiv
ishi va mahalliy hujjatlarni rasmiylashtirish va tashkil etishni takomillashtirishga
alohida e’tibor berildi. Xodimlarga doir hujjatlarni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy-huquqiy
so’rovlarini mahalliy ijroiya qo’mitalarida bajarish uchun xo’jalik hisobidagi idoralararo
shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlari tarmog’i (XHISHTHA) yaratildi.
1980
yilda respublika arxiv boshqarmasi O’zbekiston Ministrlar Kengashi qoshidagi Bosh
arxiv boshqarmasiga aylantirildi.
Mustaqillikning
birinchi kunlaridan boshlab O’zbekiston arxiv muassasalarining me’yoriy hujjatlariga
o’zgartirishlar kiritila boshladi. 1992 yil 19 iyunda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar
Mahkamasining "O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv
boshqarmasi ("O’zbosharxiv”) to’g’risidagi nizomni va Respublika davlat arxivlari
tarmog’ini tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu me’yoriy hujjatga muvofiq
arxiv ishini boshqarish bo’yicha davlat organi "O’zbosharxiv” zimmasiga arxiv fondi
va respublikaning arxiv tashkilotlarini boshqarish yuklandi.
2004
yil 3 fevralda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 49-son qaroriga asosan
"O’zbosharxiv” "O’zarxiv” agentligiga aylantirildi.
"O’zarxiv”
agentligi tizimida 3 ta Milliy arrxivlar, 100 ta davlat arxivlari, 109 ta shaxsiy
tarkib hujjatlari davlat arxivlari, 11 ta nodavlat arxivlari mavjud bo’lib ularda
16 million saqlov birligidan ortiq hujjatlar saqlanadi.
Navoiy viloyati hududidagi birinchilardan bo’lib Nurota tumanidavlat arxivi 1936 yil 10 sentyabrda Nurotatumani ijroiya komitetining qaroriga asosan Nurota tumani ijroiyakomiteti qoshida tashkil etilgan.1957 yilda Samarqand viloyati davlat arxivi filialiga aylantirilgan.
Navoiy viloyati 1982 yil 20 aprelda tashkil etilgan
bo’lib, 19 mayda Navoiy viloyati ijroiya qo’mitasi tarkibidagi tashkilotlar bilan
bir qatorda arxiv bo’limi tashkil etildi. SHu yili 15 oktyabrda Navoiy viloyati
davlat arxivi va uning filiallar tarmog’i tashkil etilib uning tarkibiga Zarafshon,
Qiziltepa, Konimex, Navoiy, Nurota, Tomdi va Xatirchi filiallari kiritildi. Navoiy
viloyati xalq deputatlari kengashi Ijroiya ko’mitasining 1983 yil 28 yanvardagi
qarori bilan Navoiy viloyati davlat arxivi qoshida hujjatlarga ilmiy-texnikaviy
ishlov berish xo’jalik guruhi tashkil etildi.
1989
yil 6 sentyabrda Navoiy viloyati Samarqand viloyati tarkibiga kiritildi va Navoiy
viloyati davlat arxivi faoliyati to’xtatilib uning tarmog’idagi arxiv filiallari
Samarqand viloyati davlat arxiviga o’tkazilgan. 1989 yil 13 fevralda Samarqand viloyati
xalq deputatlari kengashi Ijroiya ko’mitasining Arxiv bo’limining 1989 yil 28 fevraldagi buyrug’iga asosan Navoiy
viloyati davlat arxivi tugatildi, Navoiy viloyati davlat arxivi qoshidagi xo’jalik guruhi Samarqand viloyat davlat arxivi
qoshidagi ho’jalik guruhi tarkibiga qo’shildi.
1992
yil 27 yanvarda Navoiy viloyati qayta tashkil etilishi bilan o’sha yili 6 aprelda
Navoiy viloyati hokimligi arxiv bo’limi ro’yxatdan o’tkazildi. 1993 yil 7 yanvardagi
Navoiy viloyati hokimligining qarori bilan Navoiy viloyati davlat arxivi tashkil
etildi.
O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yildagi 3 fevraldagi 49-son qaroriga asosan
Navoiy viloyati arxiv bo’limi viloyat arxiv ishi boshqarmasiga aylantirildi.
O’zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi 101-son qarori asosan Navoiy
viloyati davlat arxivining shahar va tuman filiallari tegishli tartibda shahar tuman
davlat arxivlari shaklida qayta tashkil etildi.
Bugungi
kunda Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimida viloyat, 7 ta shahar
va tumani davlat arxivlari hamda 5 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari
mavjud. Davlat arxivlarida jami 279 657 saqlov birligida hujjatlar saqlanayotgan
bo’lib, ular 199 435 saqlov birligida boshqaruv, 77 699 saqlov birligida shaxsiy
tarkib, 1491 saqlov birligida shaxsiy kelib chiqish va 1032 saqlov birligida surat
hujjatlaridan iborat. SHaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlarida 76 250 saqlov
birligida shaxsiy tarkib hujjatlari saqlanmoqda.
9
iyunni – "Xalqaro arxivlar kuni” sifatida nishonlash Xalqaro arxivlar kengashining
2007 yil noyabr oyida Kanadaning Kvebek shahrida o’tkazilgan yig’ilishida kelishib olingan.
1948 yil 9 iyunda YUNESKO tomonidan Xalqaro arxivlar kengashiga asos solinganligi
bu kun tasodifiy emasligini ko’rsatadi. Birinchi marta Xalqaro arxivlar kuni
2008 yil 9 iyunda Xalqaro arxivlar kengashining tashkil etilganligining 60 yillik
yubileyi bilan birgalikda nishonlangan.
Bugungi
kunda Xalqaro arxivlar kengashining (International Council on Archives, ICA)
199 ta mamlakatda 1900 ta a’zolari mavjud."O’zarxiv” agentligi 2009 yildan Xalqaro Arxivlar Kengashining to’laqonli
a’zosi hisoblanadi. U Xalqaro Arxivlar Kengashining yeVRAZIKA (Evrosiyo) bo’linmasiga
a’zo sifatida kiritilgan bo’lib, mazkur bo’linma tarkibiga Armaniston, Belarus,
Gruziya, Qirg’iziston, Qozog’iston, Moldova, Mongoliya, Rossiya, Ukraina arxiv xizmatlari
ham kirgan.
Arxivlar
— buyuk tariximiz ko’zgusi. Ularda xalqimiz bosib o’tgan o’tmish, bugungi dorilamon
kunlarimizdan guvohlik beruvchi hujjatlar jamuljam. Demak, ularni kelajak avlodga
bekamu ko’st yetkazish soha mutaxassislarining muhim vazifasidir. O’zbekiston Respublikasi
Prezidenti SH.Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida arxiv sohasiga to’xtalib
o’tganligi so’ngi yillarda sohaga bo’lgan e’tiborning oshayotganligidan dalolat
beradi.
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.