Arxiv - tarbiya o’chog’i hamdir.
“Moziyga qaytib ish ko’rmoq xayrlidir” deganda buyuk adibimiz naqadar haq bo’lganliklarini vaqt allaqachon isbotladi. Darhaqiqat kechagi kunimizni bilmasdan turib ertangi kunni tasavvur qilib bo’lmaydi. SHuning uchun tariximizni, tarixiy shaxslarimizni, o’tgan ajdodlarimiz o’tmishini bilishimiz, ularni kelajak avlodga bus-butun yetkazishimiz lozim. SHubhasiz bu borada bizga arxiv muassasasi ilk yordamchi bo’la oladi.
Nurota tumani davlat arxivida 89-raqamli jamg’arma mavjud. Bu jamg’armada Nurota farzandi, taniqli termanavis baxshi-shoir Ergash Asaboyevning shaxsiy hujjatlari jamlangan. Jamg’armadagi hujjatlarni ko’zdan kechira turib, inson umri davomida o’zidan nechog’li iz qoldira olishiga ishonish mumkin. Jamg’armada Ergash Asaboyevning hayot yo’li aks etgan hujjatlar, uning hayot yo’liga bag’ishlab yozilgan qator maqolalar, termalari, she’rlari va boshqa ko’plab shaxsiy hujjatlari saqlanmoqda. Hujjatlarni varaqlab Ergash Asaboyevning tarjimai holiga nazar tashlash maqsadga muvofiq: “Ergash Asaboyev 1904 yilda Nurota tumanining Qo’tir qishlog’ida tavallud topgan. 14 yoshida ota-onadan yetim qolib, har kimlarning xizmatini qilib, kun kechirib yurgan va 1925 yilda Konimex tumanidagi bolalar uyiga tarbiyaga berilgan. U yerda ikki yil o’qigach, Buxoro shahriga ikki yillik partiya xodimlarini tayyorlash maktabiga o’qishga yuboriladi va u yerda ikki yil tahsil olib, Konimex tumani komsomol qo’mitasi kotibi vazifasiga tayinlanadi. SHundan Ergash otaning mehnat faoliyati boshlanib, keyinchalik Nurota tumanida maorif bo’limida inspektor, Qizilcha davlat xo’jaligida ishchilar qo’mitasining raisi vazifasida ishlaydi. 1933 yilda o’zining tashabbusi bilan bir otarni otaliqqa olib, bir yil bosh cho’pon bo’lib otarga boshchilik qiladi. 1934 yildan 1940 yilgacha Qizilcha davlat xo’jaligining Temirqovuq bo’limiga rahbarlik qilib, chorvachilikni rivojlantirishga o’zining hissasini qo’shadi. 1940 yildan Nurota tumani partiya qo’mitasida xizmat qiladi. 1947 yilgacha partiya qo’mitasida ishlab o’sha davrning ulkan qurilishlari Farxod GESi, Kattaqo’rg’on suv ombori, Ingichka koni qurilishlariga ham o’z hissasini qo’shadi. Bo’lajak baxshi shoir usha davrda CHustiy, Akmal Pulat kabi shoir va yozuvchilar bilan uchrashib, o’zi ham ijod namunalarini e’lon qiladi. 1947-1949 yillarda Nurota tumanidagi “Stalinchi” gazetasida bosh muharrir bo’lib ishlaydi. Faoliyati davomida “Kunlarim”, “Kampirim”, “Berlindan kelaman”, “Ustoz”, “Qutlug’ bo’lsin” kabi o’nlab she’riy termalari bilan Nurota dostonchilik maktabining rivojiga katta hissa qo’shadi. Ustozi Bekmurod Baxshi Jo’raboy o’g’lining ijod namunalarini to’plab nashr ettirishga bosh-qosh bo’ladi...”.
Ergash ota Asaboyevning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanganligi uning jamg’armasida saqlanayotgan “Faxriy yorliq”lar, tashakkurnomalardan ham yaqqol ko’rinib turadi. Jamg’armada u kishi bir necha marotaba O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasi, Oliy Kengashi Prezidiumi va Ministrlar Sovetining “Faxriy yorlig’i”ga sazovor bo’lganlar. Front orqasini mustahkamlashdagi mehnatlari uchun G’alabaning 30 va 50 yilligi medallari bilan, Respublikamiz mustaqil bo’lganidan keyin “SHuhrat” medali bilan taqdirlangan. 1994 yilda baxshi shoirning 90 yillik yubileyi Nurota tumanida keng nishonlanganligi arxiv hujjatlarida keng aks ettirilgan.
Arxiv hujjatlari bilan tanishib, oddiy qishlok yigiti bo’lgan, keyinchalik katta baxshi-shoir bo’lib yetishgan Ergash ota Asaboyevning hayot yo’li yoshlarga naqadar ibratli ekanini his qildim. Hujjatlar bilan tanishar ekanman uning “Kunlarim” she’ri e’tiborimni tortdi:
Bir parcha non izlab, darbadar yurdim
Azob, ochlik, muhtojlikni ko’p ko’rdim.
Och-yalong’och g’am sharobin simirdim,
Bir parcha non topmay yurgan kunlarim...
Ha, Ergash ota o’z bolaligini, ko’rgan mashaqqatlarini o’z she’rida shunday tasvirlagan ekan. Og’ir bolalik yillari, bir parcha non uchun odamlarning xizmatini qilib, chulu-biyobonda och-nahor qo’y boqib ko’p qiyinchilikni boshidan kechirgan bolakayni kelajakda katta shoir-baxshi, yurtning munosib farzandi bo’lib yetishishi balkim xech kimning hayoliga kelmagandir. Aslida shunday bo’lgan ekan. Ergash ota Asaboyev qiyinchiliklarga bardosh berib, uzoq umr ko’rib, ibratli hayot kechirgani bugun bizga ayon. Quvonarli tomoni Nurota tumani davlat arxivida u kishining ibratli umri to’g’risida hujjatlar jamlangan va saqlanmoqda.
Hujjatlarni o’rganib, bir narsaga amin bo’ldim. Arxiv nafaqat tarix, balki ulkan tarbiya o’chog’i ham ekan. CHunki, arxivda saklanayotgan shu kabi hujjatlarni o’rganish yoshlarimizga tarbiya vositasi bo’lib xizmat qilmaydimi? Ularga shunday umrlarni ibrat qilib ko’rsatish uchun bizda manbalar borligi quvonarli emasmi? Faqat biz yoshlarimizni ham ko’prok arxiv bilan tanishtirishimiz, ularda arxiv hujjatlari bilan ishlash ko’nikmasini shakllantirishimiz lozim. Buning uchun arxiv muassasasida barcha sharoitlar yetarli...
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.