Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab yurtimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy qadriyatlarni qayta tiklash va boyitish, jahon tamadduniga beqiyos hissa qo’shgan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish hamda ularning boy ilmiy merosini o’rganish va ommalashtirishga qaratilgan keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ajdodlarimiz orasida atoqli o’zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy alohida o’rin tutadi.
Shoirning qariyb 30 ta to’plamdan iborat she'rlar va dostonlar, ilmiy va falsafiy asarlarni o’z ichiga olgan buyuk ajdodimizning bugungi kunga qadar yetib kelgan bebaho adabiy merosi ko’pqirrali bo’lishi bilan birga XV asr oxiridagi Markaziy Osiyo xalqlarining ma'naviy hayotini to’liq ifodalab beradi. Mustaqillik yillarida uning barcha asarlari to’laligicha 20 jildda chop etildi.
Mamlakatimizda o’zbek xalqining ushbu buyuk o’g’loni xotirasiga katta hurmat va ehtirom ko’rsatiladi. O’zbekiston Milliy kutubxonasi, Davlat Akademik opera va balet katta teatri, Fanlar akademiyasi qoshidagi Til va adabiyot insitituti, Adabiyot muzeyi, metro bekati, ko’cha, mahalla va xiyobonlarga, shuningdek yurtimizning yetakchi sanoat markazi joylashgan viloyatimizga sheriyat mulkining sultoni hisoblangan ulug bobomizning tabarruk nomi berilgan.
Shu kunlarda tavalludining 575 yilligi keng nishonlanayotgan buyuk shoirning xizmatlari nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ham munosib darajada e'zozlanadi. Shu munosabat bilan viloyatimiz markazida tashkil etilgan Alisher Navoiy xiyobonida 9 fevral kuni shoir xotirasiga ehtirom sifatida uning haykali poyiga gulchambarlar qo’yish marosimi tashkil etilib, unda viloyat tashkilotlari qatorida viloyat arxivchilari ham ishtirok etdi. Marosimdan so’ng viloyatimiz markazidagi Farxod madaniyat saroyida hazrat Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri bo’lib o’tdi. Unda buyuk mutafakkir bobokolonimizning milliy davlatchiligimiz tarixidagi amalga oshirgan ibratli hayoti haqida va ijodiyotidan namunalar tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi.
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.