celebration
9 iyun - Xalqaro arxivlar kuni
/ / #G’alaba75 #Pobeda75

#G’alaba75 #Pobeda75

#G’alaba75 #Pobeda75

Navoiy viloyatiarxiv ishi hududiy boshqarmasi tomonidan telegram messenjerida tashkil etilgan t.me/urush_qatnashchisi guruhi orqali kelib tushgan ma’lumot.

Xayitovning ukrain qarindoshlari.

«Hurmatli Xayitov Jumaniyoz! Sizni g’alaba bayramiga taklif qilamiz. Qachon kelishingizni aytsangiz, kutib olamiz».

Verxnotokmakdagi o’rta maktabning o’quvchilari.

Ukrainaning Zaporoje oblastidan shunday mazmundagi xat Nurota tumanining Devbaland qishlog’iga kelganda, 1985 yilning avji bahori edi. 6-o’qchi polkning sobiq piyoda askari bunday taklifni hech kutmagandi.

J.Xayitov Verxnotokmak qishlog’iga 8 may kuni yetib bordi. Uni o’quvchilar gullar bilan qarshi olishdi. Mehmonlarning ko’pi kelishgan, bayram boshlanib ketgan ekan. Polkdoshlar uzoq yillardan keyin diydor ko’rishishdi, o’z-o’zidan ravshanki, o’sha og’ir kunlarni eslashdi.

Xayitovning front yo’li uzun bo’ldi. To’rt marotaba og’ir jarohatlanib, mo’’jiza bilan o’limdan qolgan. Biroq, uning taqdirida bu qishloq alohida o’rin tutadi. Nomi yillar o’tgach xotirasidan ko’tarilgan bo’lsada, xat ana shu joydan ekanligini qalban his qilgan edi.

Jumaniyoz ota 1943 yilning mayida bu yerlarni fashistlardan ozod qilishda qatnashgandi. Shu qishloqqa kirishdan oldin undagi ahvolni bilish, fashistlarning kam yoki ko’pligini aniqlash zarur bo’lib qoldi. Bu vazifani bajarish unga topshirildi. U emaklay-emaklay jarlikka yetib keldi. Undan keyin soy oqib o’tar ekan. Uni ham ortda qoldirib, ekinzor oldidan chiqib oldi. Sal narida dehqonning yangi qurilgan uyi shundoq ko’rinib turardi. Ona yurtdagiday tanish manzara.

To’satdan xuddi yer ostidan chiqqanday uch fashist unga qarab kelayotganini ko’rib qoldi. Avtomatidan o’q uzdi. Sarosimaga tushgan dushman yer bag’riladi. Jumaniyoz o’zini dehqon uyiga urdi. Eshik oldida turgan ayol yo’lini to’sdi:

- U yoqqa kirma! Uyda nemis ofitserlari yashaydi, -dedi va soldatni uyning boshqa tomoniga boshladi.

Ayol Jumaniyoz otani katta pechkaning ichiga yashirdi va pechka og’zini ko’rpa bilan yopib qo’ydi.

Fashistlar uyga kirib kelishdi. Tintib chiqishib, hech kimni topisha olmadi. Baqirib-chaqirishdi, uy egasi bilan janjal qilishdi. Jumaniyoz ota pechka ichidan eshitib turar edi. Keyin u o’q ovozini eshitdi. Nafasi ichiga tushib, yuragi to’xtab qolganday bo’ldi.

Nihoyat, butunlay jimjitlik cho’kdi. Pechka og’zidan ko’rpacha olindi. Jumaniyoz otako’rdiki, qarshisida xoloskori turibdi. Fashistlar jahldan ayolning sigirini otib tashlashgan ekan.

Atrofga qorong’u tushgach ayol non, pomidor va to’rta kartoshka solingan tugunchani jangchi qo’liga tutqazib xayrlasharkan, kimligini, qayerdanligini so’radi. Bir parcha qog’ozga yigitning adresini shosha-pisha yozib olib, uni uydan kuzatib qoldi.

Ana shu bir parcha qog’ozni oradan qirq ikki yil o’tgach, maktab o’quvchilari topib olishdi. Afsuski, bu paytda uning egasi – ukrain dehqon ayoli yefrosinya Panchenko hayotdan ko’z yumganiga ko’p yillar bo’lgan edi. hech kim bu adres kimniki ekanligini, uning zamirida qanday voqea yotganligini bilmasdi. Biroq qishloqda pechkada qutqarilgan o’zbek jangchisi haqidagi voqeani yaxshi eslashardi. Faqat g’alaba bayramiga yetib kelgan do’ppili nuroniy kishi o’sha soldat ekanligini esa xayollariga keltirishmas, ishonishmas ham edi. SHu bois ertasi kuni «Rossiya» kolxozi partiya komiteti sekretari Ivan Ivanovich SHapoval Xayitovni mashinaga o’tazib, qishloqni, uning atrofini ko’rsatishga tushdi: sobiq jangchi o’sha joyni, o’sha uyni tanirmikan.

Shapoval goh u, goh bu uyni Jumaniyoz otaga ko’rsata boshladi. «Shumi?» «Yo’q!». Shu tariqa ko’p xovlilarni ko’rishib, navbatdagisiga yetgach, Jumaniyoz birdan hayajonga tushdi: «Mana, shu uy! Mening xaloskorim shu yerda yashardi!». Shunday dedi-yu, ho’ngrab yubordi.

Uyga kirishgach, oiladagilar to’planishdi. Xayitov bu kishilarni hech vaqt ko’rmagan edi. U o’sha lahzada ham ular unga bir umrli qarindosh bo’lib qolishini, tug’ishganday aziz kishilarga aylanib ketishini xayoliga keltirmagandi.

U uyga diqqat bilan razm soldi, nigohi nimadir axtarar, hayron bo’lar, bu yerda qandaydir o’zgarish bo’lganga o’xshardi.

Kimdir undan so’radi: «Bu yerga nima bo’lganligini bilasizmi? Jumaniyoz o’sha tomonga qaradi va anglab yetdi: pechka. U shu so’zni ovoz chikarib aytdi: «Pechka».

Shundan keyin yuz bergan holatni tasvirlashga qalam ojizlik qiladi, quvonch ko’z yoshlari, «ukajon», «qadrdonim» deya quchoqlab olishdi uni. Jumaniyoz otabo’lsa, o’zini yo’qotib qo’ygan, suratday qotib qolgan edi. Mariya quvonchu-hasrat bilan: «E shu kunlarni ko’rish onamga nasib etmadi-da»,- deb kuyardi. Kimdir pechkani yaqinda buzib tashlashganlaridan afsuslandi.

Ha, yefrosinya Panchenkoga buni ko’rish nasib qilmadi. U dovyurak, jonfido ayol edi. U birinchi jahon urushi arafasida turmushga chiqdi. Eri bu urushdan oyog’idan ajralib qaytdi. Ayolga og’ir bo’ldi. To’rt o’g’il va uch qizini voyaga yetkazdi. Uning oilasi kolxozga birinchilardan bo’lib a’zo bo’lishgan edi. Endigina osoyishta turmush kechira boshlashgandi, Ikkinchi jahon urushi boshlandi.

Bu urush ona boshiga ko’p kulfatlar keltirdi. Uch o’g’li frontga ketdi. Fashistlar ularning qishloqlarini bosib olgach, bir o’g’li va qizini olib ketishdi.

Onaning farzandlari, nevaralari hozir Ukrainada yashab, mehnat qilishyapti. YAna biri esa O’zbekistonda. Jumaniyoz Xayitov ham uni onam, deb ataydi, xotirasini qalbida ardoqlaydi, rasmini uyining turida saqlab keladi.

Bundan ikki yil muqaddam Panchenkolar va Xayitovlar oilasi o’rtasida qarindoshlik tutilgan edi. U borgan sari mustakamlanib, hozir tug’ishganlarday yaqin bo’lib ketishgan. Bu paytda Jumaniyoz Xayitovning o’zi ikki marta Verxnokmakda bo’ldi. Bir-birlari bilan xat yozishdi. Bugungi kunda nevaralar ham bir-birlariga maktublar yo’llashadi, bayramlar bilan qutlashadi. Ularning hammasi «Salom, aziz qarindoshlarimiz…» deb boshlanadi.

«Aziz qarindoshlar, aziz ukajon! YOzgan xatingizni oldik. Katta raxmat. Biz sizlardan har gal xat olganda behad xursand bo’lamiz.

Qadrdon ukamiz Jora, (Jumaniyozni shunday deb atashadi) biz sening borligingdan juda minnatdormiz.-deb yozgan edi Raya.

-Bugungi osuda osmonimiz uchun, bolalarimizning baxti uchun siz aziz xaloskorlarga rahmat.

Sizlar kabi Ikkinchi jahonurushi qaramon-o’g’lonlarini voyaga yetkazgan o’zbek xalqiga raxmat.

Biz oddiy, kamsavodli ayol bo’lgan onamizning eng og’ir damda o’zini yo’qotib qo’ymasdan fashistlardan seni saqlay olganligi, hayotingni asrab qolganligi uchun ham faxrlanamiz. Xamqishloqlardan, o’quvchilardan, Leonid Afanasevich Slobodchenko (kolxoz raisi) Ivan Ivanovich SHapovaldan salom. Ko’rishguncha xayr. Hammangizni o’pib oluvchi Raya, Alyosha, Mariya».

O’zbek yigiti sharafiga Ukrainaning Verxnitokmak qishlog’ida marmar taxtacha o’rnatiladi. Unda jangchining O’zbekistondanligi, Ukraina qishlog’ini ozod etishda qatnashganligi zarhal harflar bilan yozib o’yilgan.

Ushbu ma’lumotlar Jumaniyoz otaning nabirasi Jumaniyozov Muxiddin Muzaffarovich tomonidan taqdim etilgan.

Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi axborot xizmati.


Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Veb-sayt ma'lumotlaridan foydalanilganda, NAVOIARXIV.UZ manbaa sifatida ko'rsatilishi shart!