/ / O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi
Hurmatli deputatlar va senatorlar!
Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Jonajon O‘zbekistonimiz yangi o‘n yillikka qadam qo‘ymoqda. Erishgan natijalarimiz tarixga aylanib, oldimizda yangi-yangi o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha ulkan vazifalar va imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo‘yicha, ustuvor yo‘nalish va vazifalarni belgilab olishimiz lozim.
Yaqinda "Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun zarur bo‘lgan yangi siyosiy muhit vujudga keldi.
Saylovlar ochiq-oydin, xalqaro standartlar asosida o‘tkazilishini nazorat qilish uchun 50 ga yaqin davlatdan hamda 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 316 kishilik to‘laqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qildik.
Xalqaro kuzatuvchilar saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida o‘tganini, bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshganini alohida e’tirof etdilar.
Barcha xalqaro kuzatuvchilarga saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va tavsiyalari uchun butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Biz albatta ushbu tavsiyalarning har birini chuqur o‘rganib, tegishli dastur qabul qilib, amaliyotga keng joriy etamiz. Bu borada saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish oldimizda turgan muhim masalalardan biridir.
Shu bilan bir qatorda, mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, bunda tuman va shahar saylov komissiyasining rolini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Parlament va Markaziy saylov komissiyasi saylov yakunlari bo‘yicha rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yaqin hamkorlikda ish olib borishi zarur bo‘ladi.
Barcha deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib aytmoqchiman: demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bu borada biz har kuni izlanishdamiz, xorijdagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilmoqdamiz.
Biz yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Bu borada "Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda.
Islohotlarning amaliy natijadorligini oshirishda, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faolroq, yanada tashabbuskor bo‘lishiga erishmog‘imiz lozim.
Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak. Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investitsiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini ko‘paytirishimiz zarur. Bu g‘oyat dolzarb ishlarni o‘zimiz qilmasak, hech kim bizga chetdan kelib qilib bermaydi.
Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, o‘zimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi.
Men bunga qat’iy ishonaman va bu fikrni sizlar ham qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb o‘ylayman.
Hurmatli qo‘shma majlis ishtirokchilari!
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan 2019 yil – "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da salmoqli natijalarga erishdik. Barcha sohalardagi ijobiy natijalar qatorida investitsiyalar hajmi ham sezilarli darajada oshdi.
Ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 4,2 milliard dollarni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan – mana shu raqamga e’tiboringizni qaratmoqchiman – 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobar o‘sdi. Investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetdi.
Mamlakatimiz ilk bor xalqaro kredit reytingini oldi va jahon moliya bozorida 1 milliard dollarlik obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning kreditga doir tavakkalchilik reytingi oxirgi 10 yilda birinchi marta yaxshilandi.
Energetika, neft-gaz, geologiya, transport, yo‘l qurilishi, qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti hamda boshqa qator tarmoqlarda chuqur tarkibiy islohotlar boshlandi. Sanoatning 12 ta yetakchi tarmog‘ida modernizatsiyalash va raqobatdoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilmoqda. Natijada o‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 5,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 6,6 foizga, eksport – 28 foizga ko‘paydi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz 2019 yil davomida 2,2 milliard dollarga ortib, 28,6 milliard dollarga yetdi.
Qishloq xo‘jaligida fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish borasidagi o‘rganish va izlanishlarimiz davom etmoqda. Sohaga ilg‘or texnologiyalar va klaster tizimi joriy etilmoqda.
Tadbirkorlikni keng rivojlantirish va bu soha uchun yangi sharoitlar yaratishga barcha imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. "Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida o‘z biznesini boshlayotgan oilalarga 5,9 trillion so‘m kreditlar ajratildi.
Yangi soliq siyosati doirasida ish haqiga soliq yuki 1,5 barobar kamaytirildi. Natijada rasmiy sektorda ishlayotganlar soni yil davomida 500 mingtaga ko‘paydi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Buning hisobidan o‘tgan yili soliq to‘lovchilar ixtiyorida 2 trillion so‘m qoldi. Joriy yilda bu raqam 11 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Bir yilda tadbirkorlar ixtiyorida shuncha mablag‘ qolishi, albatta, ularga o‘z bizneslarini rivojlantirish uchun juda katta qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Islohotlarimiz natijasida o‘tgan yili 93 mingta yoki 2018 yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi.
Jahon bankining "Biznes yuritish” reytingida 7 pog‘ona ko‘tarilib, biznesni ro‘yxatga olish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoning 190 ta davlati orasida 8-o‘rinni egalladik va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldik.
Shuningdek, 86 ta davlat fuqarolariga vizasiz va 57 ta davlat fuqarolariga soddalashtirilgan viza rejimi joriy etilishi natijasida o‘tgan yili yurtimizga 6,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2016 yilga nisbatan 4,7 million nafarga yoki 3,3 barobar ko‘p demakdir.
ozbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat-mirziyoyevning-oliy-majlisga-murojaatnomasi.docx   [44.21 Kb]   (ko`chirilgan: 1)

Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Veb-sayt ma'lumotlaridan foydalanilganda, NAVOIARXIV.UZ manbaa sifatida ko'rsatilishi shart!