celebration
9-iyun - Xalqaro arxivlar kuni
/ / Navoiyda tarixiy obidalar

Navoiyda tarixiy obidalar

Navoiyda tarixiy obidalar Navoiyda joylashgan tarixiy obidalar va turistik salohiyatga ega bo’lgan maskanlar to’g’risidagi ma’lumotlar.

 

 

RABOTI MALIK SARDOBASI (XIV.)Navoiyda tarixiy obidalar

Raboti Malik peshtoqidan bir oz narida suv manbai — diametri 13 metrcha keladigan gumbaz ostida karvonsaroyga zamondosh bo’lgan sardoba joylashgan. Sardoba hovuzining aylana devori yerdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq g’ishtdan qurilgan bo’lib, unda muzday toza suv butun yoz bo’yi saqlangan. XVI asrdagi mualliflardan biri Raboti Malik sardobasining suvini makkadagi laziz zamzam suviga qiyoslaydi. Sardoba karvonsaroy kabi yolg’iz yo’lovchilar uchun ham, butun boshli karvonlar uchun ham qo’nalg’a hisoblangan. 

Karvonsaroy o’zining dastlabki vazifasi e’tibori bilan XVIII asrgacha xizmat qilib kelgan. unda amir temur va uning avlodlari, buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarning xonlari, elchilar, savdo karvonlari va sayyohlar qo’nib o’tgan. Hofizi abro’ning ma’lumotiga ko’ra, Ulug’bek 1420 yilda ushbu mintaqalarda to’xtab, qirq kun ov qilgan. XIX asr — XX asrning boshlarida bu yerda rabot nomi bilan ma’lum umri qisqagina bo’lgan qishloq ham shakllangan.

Navoiyda tarixiy obidalarDEGGARON MAJMUASI (XIV)

Karmana shahrining 30 km g’arbidagi hazora qishlog’ining yonida Movarounnahrdagi eng qadimgi masjidlardan biri — Deggaron masjidi joylashgan. Uning qurilish davri XI asr boshlaridan nariga o’tmaydi. Bu bino Zarafshonning so’l qirg’og’ida, endilikda vayron bo’lgan, lekin ilgari yaxshi mustahkamlanib qurilgan qadimiy kichik bir qishloq hududida joylashgan. qishloqning ham, masjidning ham nomi bu yerda yashagan, aholining asosiy mashg’uloti — o’tga chidamli qozon tayyorlashdan olingan. 

SHunisi e’tiborliki, Xojagon Sulukining mashhur sufiylaridan biri bo’lmish SHayx Mavlono Orif Deggaroniy (1313–1376) shu qishloqda tug’ilgan va shu yerda dafn etilgan. Bu zot Naqshbandiya tariqatidagi Xojagon Sulukining buyuk namoyandasi bo’lmish Bahouddin Naqshbandning ustozlaridan biri hisoblanadi. 

Keyinroq, XVII asrda Deggaron qishlog’i masjiddan bir oz narida joylashgan Hazora qal’asiga aylangan. Masjid turli texnika usulida qurilgan: tashqi yuzasi, ustunlari va poydevorining bir qismi — pishiq g’ishtdan, devorlari xom g’isht va paxsadan iborat. gumbazlarining ichki qismi ravoqlardan, devorga tegib turgan yoki alohida qad ko’targan ustunlar g’ishtdan bino qilingan. Markaziy gumbazni ko’tarib turgan to’rt ravoq g’isht va ganjdan sebarga shaklidagi o’ziga xos bezaklar bilan bezatilgan. markaziy gumbaz atrofidagi sakkizta kichik gumbaz «balxi» uslubidagi kichik ravoqlar orqali masjidning tashqi devorlari va ichki ustunlariga tayangan holda qurilgan. Bu joy hozirda qayta ta’mirlanib, majmuada muzey faoliyat ko’rsatmoqda. 

Navoiyda tarixiy obidalarRABOTI MALIK

Karmana — Buxoro yo’lida — bugunda qayta tiklangan qadimiy karvon yo’li bo’yida Raboti Malik (SHoh Raboti) karvonsaroyi joylashgan. U XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylardan bo’lmish SHamsulmulk Nasr ibn Ibrohim (1068–1080 y.) tomonidan qurilgan bo’lib, XII asrning birinchi choragida yana shu Qoraxoniylardan bo’lmish arslonxon muhammad ibn sulaymon (1102–1130 y.) tomonidan ta’mirlangan.  Arxeologik tadqiqotlar paytida (XX asrning 70-yillari va shu asrning oxiri — XXI asr boshlari) bu noyob binoning murakkab tuzilishi aniqlandi. U 100×100 m maydonni egallagan bo’lib, mustahkam devorlar bilan o’ralgan va ikki qismga bo’lingan.

ZARGARLIK

Zarafshon zargarlari yasagan zeb-ziynatlar xorijlik nozikta’b xaridorlar, qilni qirq yoruvchi zarshunoslarga ham maqbulu manzur. Zotan, bu — uzoq o’tmish davomida jamlangan eng sara tajribalar va zamonaviy texnologiyalar mahsuli. Uzuk, bilaguzuk, sirg’a, zanjir… Alqissa, Navoiykon-metallurgiya kombinatining Zarafshon zargarlik zavodida ishlab chiqarilayotgan mingga yaqin turdagi zeb-ziynatlarning bozori chaqqon. Nafis buyumlar ijodkorlariga berilgan xalqaro mukofotlarning esa sanog’iga yetish qiyin. Fusunkor javohirlarni tomosha qilib, go’zallik tushunchasiga ta’rif topgandek bo’lasiz, inson va tabiat uyg’unligini his qilasiz.

Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Veb-sayt ma'lumotlaridan foydalanilganda, NAVOIARXIV.UZ manbaa sifatida ko'rsatilishi shart!