/ / USTOZ-SHOGIRD AN’ANASI – MILLIY QADRIYAT

USTOZ-SHOGIRD AN’ANASI – MILLIY QADRIYAT

O’ZBEKISTON  RESPUBLIKASI  DAVLAT MUSTAQILLIGINING

25 YILLIGI OLDIDAN

 

USTOZ-SHOGIRD AN’ANASI – MILLIY QADRIYAT

(maqolada yosh malakali arxiv sohasida boshqaruv kadrlar haqida va “Ustoz shogird”  an’analari haqida so’z yuritiladi)

 

Mustaqillik yo’lida  dadil borayotgan O’zbekistonning bugungi kunida yoshlarini kamolotga intilish ma’naviy qadriyatlarni tiklash va Vatanga sadoqat tuyg’ularini o’stirishda o’lkan tadbirlar olib borilmoqda. O’zbek xalqning o’tgan ajdodlari  tomonidan yaratilib meros bo’lib qolgan madaniy boyliklari xazinasiga xalq orasidagi ustoz-shogird an’analarini ham kiritish mumkin. Bu nodir an’ana mamlakatni yuksaltirishda beqiyos o’rin tutadi.

Inson o’zi qiziqib tanlagan sohaning ustasi bo’lsa, ongli hayot kechirish uchun zarur moddiy istaklar (rizq-nasiba butunligi, dasturxon to’kinligi, qulay shart-sharoit) va ma’naviy ehtiyoj (poklanish, hayotdan mazmun va halovat topish) uyg’unligiga erishadi. Istiqlol yillarida O’zbekistonda  taraqqiyotning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan tub o’zgarishlar xalqimizning ezgu intilishlari negizi – Barkamol avlod orzusini ro’yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab ma’naviy sohalarda ham islohotlar olib borish zaruriyati tug’ildi. “Biz uchun, - degan edi Prezident I.A.Karimov, -ma’naviyat, tarixiy va madaniy qadriyatlar, aholining ma’naviy, axloqiy holati, yosh avlodni tarbiyalash eng asosiy ustuvor vazifa bo’lishi lozim”.

Darhaqiqat, mamlakatimiz tarixini so’ngi davrlariga nazar tashlar ekanmiz, sobiq ittifoq davrida yurtimizda barcha sohalar qatorida madaniy boyliklarimiz asosini taminlashga xizmat qiluvchi soha hisoblangan arxiv ishiga bo’lgan e’tiborsizlik oqibatida soha jamiyatda o’z o’rnini yo’qotgan edi. Shuningdek, soha vakillarining aksariyatining yoshi o’tgan kishilardan iboratligi hech kimga sir emas, shunday ekan, ustoz-shogird  kabi asriy an’analar hususida so’z yuritishning xojati ham yo’qligi barchamizga ayon. Mamlakatiz istiqlolga erishgan dastlabki yillaridan davlat va jamiyat qurishning barcha sohalarida keng ko’lamli islohatlar amalga oshirilib,  arxiv ishi sohasida ham juda katta islohatlar amalga oshirildi. Jumladan, Respublikamizda arxiv ishini takomillashtirishga qaratilgan qator qonun, qaror va me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilib faoliyatga tadbiq etildi. Hududlarda arxiv muassasalari tashkil etildi, mavjudlariga yangi binolar qurildi, ularning moddiy texnik bazasi yangiladi. SHu bilan birga, sohada kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, birgina Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi arxiv muassasalarida milliy qadriyatimiz sifatida qadimdan rivojlanib kelgan “ustoz-shogird” an’anasi asosida soha vakillari viloyatda arxiv ishini rivojlantirish yo’lida mehnat qilib kelmoqdalar. Bugungi kunda viloyatimiz arxiv muassasalari xodimlarining o’rtacha yoshi 24-25 yoshni tashkil etib, yosh kadrlarni soha taraqqiyoti yo’lida to’g’ri yo’naltirish maqsadida “ustoz-shogird” an’anasi asosida malakali xodimlarga biriktirilgan. Soha rivojini ta’minlashda muhim omil bo’lib xizmat qilayotgan  “ustoz-shogird” an’anasining birgina dalili sifatida Boshqarma boshlig’i Bekova Sayyora Saidovnaning say-harakatlari bilan uning shogirdlari bugungi kunda jamiyatimizning boshqa sohalarida ham ustozidan olgan bilim va ko’nikmalari asosida yetuk salohiyatli rahbar sifatida faoliyat yuritib kelmoqdalar. Jumladan, Konimex tumani davlat arxivining direktori bo’lib ishlagan Umrbek Sibanov bugungi Konimex tumani hokimligi huzuridagi tuman bandlikka ko’maklashish markazi direktori lavozimida, Karmana tumani direktori lavozimida faoliyat yuritgan  Olim Omanov Karmana tumani hokimligi umumiy bo’lim boshlig’i lavozimida faoliyat yuritib kelmoqdalar, bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan rahbarlar kontingentining 50 foizi 25-30 yoshdagi rahbarlardir. Sohada faoliyat yuritib kelayotgan rahbarlar va xodimlarning barchasi S.Bekovaning shogirdiman deya faxrlanadi desam mubolag’a bo’lmaydi. Shu jumladan, shogirdlar qatorida mening ham borligim men uchun yuksak faxrli mas’uliyat yuklaydi desam, adashmagan bo’laman chunki, ustozning bergan bilim va ko’nikmalari, eng asosiysi bildirgan ishonchini oqlash, el-yurt oldida ustoz nomiga dog’ tushurmaslik kabi katta mas’uliyat turibdi. Men oliygohni tamomlagach bir muddat Xatirchi tumani iqtisodiyot kollejida o’qituvchilik qildim hamda Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasida bosh mutaxassis lavozimida ish boshladim. Boshqarmadagi mehnat faoliyatim davomida ustozimdan  kadrlar faoliyatini tashkil etish, ijro intizomi va ish yuritish mahorati shuningdek, o’z kasbiga bo’lgan hurmat, muomila madaniyati kabi ezgu fazilatlarni o’rganishga sidqi dildan harakat qildim. Bugungi kunda viloyat davlat arxivining direktori lavozimida ishlab kelmoqdaman. Ish faoliyatim davomida yuzaga kelgan muammoli vaziyatlardan ustozdan olgan bilim va ko’nikmalarga tayangan holda chiqib ketishga harakat qilaman.

Bilamizki, ustoz degan sharafli nomga sazovor bo’lish har kimga ham nasib etmagan. Bu ulug’ nomni olish uchun ko’p yillar davomida murakkab sinovlardan o’tishi lozim bo’lgan. Ko’plab mutaxassislar orasida bu sharafli nomga kamdan-kam inson muyassar bo’lgan.

Turkiy xalqlar qadimiy madaniyatining jahon taraqqiyotidagi o’rni salmoqlidir. Xuroson, Movaraunnahr, Afrosiyob, So’g’diyona, Marokant, Turon, Turkiston va boshqa joylar butun dunyoga mashhur bo’lib, tabarruk bu zaminda Ahmad Yassaviy, Al-Beruniy, Al-Forobiy, Ibn Sino, Mahmud Qoshg’ariy, Alisher Navoiy singari buyuk allomalar hamda Spitamen, Shiroq, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Mahmud Tarobiy, Sohibqiron Amur Temur va temuriyzodalardek jasur o’g’lonlar dunyoga keldilar. Ular o’z xalqining baxt-saodati, madaniyati uchun jisman va ma’nan kurashdilar. Shuning uchun ham jahon ahli ularning ezgu amallarini olqishlab, hanuz tabarruk zotlar deya o’z qalblarida muqaddas tutmoqdalar. Ular, ayniqsa yoshlarning tarbiyasiga, hunar va ilm olishiga katta e’tibor berganlar va bunga doimiy ravishda chaqirib keldilar.

Qadimda milliy an’ana bo’yicha shogirdlikning o’ziga xos odob-axloq qoidalari bo’lgan. Chunonchi, Husayn Voiz Koshifiy bunday deydi: «Agar sendan shogirdlik odobi nechta, deb so’rasalar, yettita degin. Avvalo, o’z ishiga yaxshi munosabatda bo’lish, ya’ni o’z kasbini sevish; o’z kasbiga e’tiqod qo’yish va unga ishonish; ustoz oldida haqsevar bo’lish, o’z nojo’ya odatlarini tark etish; ko’rish lozim bo’lmagan hamma narsalardan nigohini olib qochish; eshitish mumkin bo’lmagan barcha narsalarga quloq solmaslik; barcha noloyiq ishlardan qo’l tortish; ustoziga zid bo’lgan kishilar bilan muomala qilmaslik. Agar shogirdlikning asoslari nechta deb so’rasalar, oltita degin: rostgo’ylik, vafodorlik, mas’uliyatlilik, nasihatni quloqqa olish, ozor bermaslik, sir saqlash. Shogirdlikning eng yaxshi xislati nima deb so’rasalar, poklik deb javob beriladi. Shogirdlikning noyob gavhari nima deb so’rasalar, hamkasb do’stlarini xushnud etish deb javob bergin»[1]

Darhaqiqat, Mustaqillik yoshlar kamolotiga yangicha talablar ham qo’ydi. Har qachongidan ko’ra ko’proq ichki va tashqi go’zallikning axloq bilan birlashuviga ahamiyat kuchaydi. Yoshlardagi faqat tashqi ko’rinish estetik madaniyatning yaxshi bo’lishiga olib kelmasligi, balki ulardan axloqan pokiza, ma’naviy dunyosi boy, sahovatli, iymonli, muomala madaniyati yuksak bo’lish kabi umuminsoniy ahloqiy qadriyatlar ham talab etila boshlandi.

Binobarin sog’lom avlod tarbiyasi faqat jismoniy jihatdan chiniqqan, kamol topgan yoshlarnigina emas, shuningdek, sharqona axloq-odob va umumbashariy ma’naviy qadriyatlar asosida tarbiya topgan insonni ham ko’zda tutmog’i lozim.

Zero buyuk alloma A.Avloniy ayganidek: tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir. 

 

 

 

Xoliqulov Shuhratjon Boymahammadovich

Navoiy viloyati davlat arxivi direktori                                                                    

 

 

Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER tugmasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Veb-sayt ma'lumotlaridan foydalanilganda, NAVOIARXIV.UZ manbaa sifatida ko'rsatilishi shart!